Nukus shahridagi 1-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabida 3 dekabr nogironlar kuni oldidan bolalar va katta yoshdagilar o‘rtasida sport musobaqasi o‘tkazildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga e’tibor qaratishdi. Ular o‘zlarini yolg‘iz his etmasligi, zarur bilim va kasb-hunarlarni egallashi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi, madaniy ehtiyojlarini ta’minlash uchun barcha sharoit yaratilganligi qayd etildi.

Musobaqada Nukus shahridagi 26, 10-sonli, Xo‘jayli tumanidagi 17-sonli maxsus maktabgacha ta’lim tashkilotlari  tarbiyalanuvchilari, 4, 10-sonli maxsus, 3-sonli respublika maxsus maktab-internati o‘quvchilari ishtirok etdi. Ular sportning  yengil atletika, stol tennisi, voleybol, badminton, shashka turlari, quvnoq startlar bo‘yicha bahslashdi.

Qiziqarli o‘tgan musobaqa yakunida barcha sport turlari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Ularga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali hamda tadbirkorlar tomonidan sovg‘alar topshirildi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilarga bayram dasturxoni yozildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri