FOTOREPORTAJ

Nukus shahridagi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyi tomonidan buyuk mutafakkir va shoir Berdaq tavalludining 196 yilligiga bag‘ishlab, “Berdaq kunlari” haftaligi o‘tkazilmoqda.

Haftalik doirasida taniqli yozuvchi va shoirlar, adabiyotchi va tarixchi olimlar ishtirokida ilmiy anjumanlar, ta’lim muassasalari va madaniyat tashkilotlari hamkorligida badiiy-musiqali kechalar hamda tasviriy san’at va kitob ko‘rgazmalari tashkil etilmoqda.

Muzeyda o‘tkazilgan navbatdagi ana shunday tadbirda shahardagi oliy ta’lim muassasalari talabalari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari, 41-maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari hamda Yesjan Baxshi nomidagi musiqa va san’at maktabi yoshlari ishtirok etdi.

Yoshlar ijrosida go‘zal kuy va qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari ijro etildi, Berdaq qalamiga mansub she’rlar o‘qildi. Shuningdek, tasviriy san’atga qiziquvchi yoshlar milliyligimiz va tariximizni o‘z ijod namunalarida aks ettirdi. Muzey xodimlari esa haftalikka tashrif buyurgan kattayu kichikni ekspozitsiya zalida saqlanayotgan tarixiy eksponatlar bilan tanishtirdi.

Tadbir faol qatnashgan bolajonlar, o‘quvchi va talaba yoshlar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

 

Maqsad HABIBULLAEV(surat+video),O‘zA