Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakatimizda energetik barqarorlikni ta’minlash va energetika sohasiniqish mavsumiga tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlarning holati to‘g‘risidagi masalani muhokama qildilar.

Mazkur masala yuzasidan deputatlarning savollariga energetika vaziri J.Mirzamahmudov javob berdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirishning “drayveri” bo‘lgan energetika sohasiga strategik yo‘nalish sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda. Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada elektr energiyasi samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilyapti.

Xususan, iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hamda “yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga joriy etish maqsadida 2022 yilda umumiy qiymati 700 mln. AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga Toshkent, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida umumiy quvvati 1 374 megavatt bo‘lgan 6 ta issiqlik va 100 megavatt quvvatli 1 ta quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi.

“Hukumat soati”da deputatlar aholi, ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, energiyani tejaydigan ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan qiziqdilar.

Ushbu savolga energetika vaziri tomonidan atroflicha ma’lumot berildi. Bugungi kunda ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida hududlarda 831 km magistral, 29 ming 562 km taqsimlovchi elektr uzatish tarmoqlari, 8 ta magistral podstansiyadagi transformatorlar hamda 10  ming 158 ta transformator punktini mukammal ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlandi. 961 km past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 228 ta transformator punkti yangilandi. Shuningdek, Farg‘ona, Surxondaryo viloyati va Toshkent shahridagi podstansiyalarning quvvati 400 MVtga oshirildi.

Belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish maqsadida hududiy elektr tarmoqlari korxonalarida qish davri uchun 258 ta har xil quvvatli transformatorlar, 70 tonna sim, 80 km kabel va 490 tadan ortiq muftalardan iborat avariyaviy zaxira yaratildi.

Deputatlar sohada olib borilayotgan ishlarni e’tirof etib, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, muqobil energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ekspuatatsiya qilish, ularga xizmat ko‘rsatadigan korxonalarini tashkil etish, ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha savollar berdi.

J.Mirzamahmudov qayd etishicha, jahondagi sodir bo‘layotgan energiya resurslariga bo‘lgan talabning ortishi va iqlimning o‘zgarishi fonida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish dolzarb masalaga aylandi. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda ushbu sohada keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda davlat-xususiy sheriklik asosida yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarini qurish bo‘yicha21 ta elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha bitimlar, 5 ta o‘z ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilgan elektr energiyasini transportirovka qilish shartnomasi, 2 ta asosiy shartlarni belgilovchi kelishuv va 13 ta anglashuv memorandumi imzolandi.

Vazirning axborotiga ko‘ra, joriy yilda umumiy quvvati 2 817 MVt bo‘lgan 8 ta loyiha doirasida dastlabki 1 517 MVt yangi quvvatlar ishga tushiriladi.Jumladan, Birlashgan Arab Amirligining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida jami quvvati 897 MVt bo‘lgan 3 ta quyosh elektr stansiyasini hamda Navoiy viloyatida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Navoiy viloyatidagi 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida 111 ta “Goldwind” shamol turbinalaridan qurilish maydoniga 23 ta to‘liq komplekt turbinalar keltirilib, shundan16 tasi o‘rnatildi, 33 ta turbina asoslarining qurilish ishlari yakunlandi. Tarmoq jadvallariga muvofiq,dastlabki100 MVt quvvat joriy yil dekabr oyida ishga tushadi. Stansiya 2025 yil avgust oyida to‘liq ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan quvvati 400 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasining tarmoq jadvallariga muvofiq dastlabki 100 MVt quvvati joriy yilning dekabr oyida tarmoqqa uzatiladi.

Qayd etilganidek, kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2023 yil 21 noyabr holatiga respublika bo‘yicha 402,3MVt quyosh panellari va 1 103,4 ming litrli geliokollektorlar o‘rnatilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida 852,5 mln kub metr tabiiy gaz va 900,7 mln kVt soat elektr energiyasi tejalgan.

Yoqilg‘i energetika resurslarini tejash chora-tadbirlari, shuningdek, iqtisodiyotning energiya sig‘imi yuqori bo‘lgan tarmoqlarida modernizatsiya qilishga qaratilgan Davlat dasturlarining amalga oshirilishi natijasida asosiy mahsulotlar ishlab chiqarishning energiya sig‘imlilik darajasi ko‘rsatkichi 2019 yildagi 14,6 foizdan 2022 yilda 8,98 foizni tashkil qilgan holda 5,62 foizli punktga kamaygan.

Shuningdek, energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha boshqa bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

“Hukumat soati”da deputatlarvazir oldiga bir qator savollarni qo‘ydi. Xususan, xalq vakillari aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga suyultirilgan gaz o‘z vaqtida yetkazib berilmayotgani sabablari bilan qiziqib,kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, uy-joy fondi va ijtimoiy soha ob’ektlariniuzluksiz energiya resurslari bilan ta’minlashbo‘yicha savollar berdilar. Shuningdek, quyosh panellari o‘rnatilgan xonadonlarni tarmoqqa ulash, energiyani elektr tarmoqlari korxonalariga sotish uchun shartnoma tuzishda yuzaga kelayotgan ayrim masalalarga mas’ullar e’tiborini qaratdi.

Savol-javoblarga boy bo‘lgan “Hukumat soati”da deputatlar sohada erishilgan yutuqlarni e’tirof etib, energetika tizimidagi ko‘rsatkichlarni yanada oshirish, energiya resurslaridan oqilona va mavjud imkoniyatlardan kengroq foydalanish, mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish bo‘yicha tegishli taklifva tavsiyalarni berdilar.

Muhokamalar so‘ngida kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.

O‘zA