“O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun fuqarolar huquq va erkinliklarini ta’minlashda adliya organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan.

Qonun Davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish maqsadida, shuningdek, MDH ishtirokchi-davlatlarining soxta tovar belgilarining oldini olish bo‘yicha hamkorligi to‘g‘risidagi Bitimni (Minsk, 2021 yil 28 may) ratifikatsiya qilish haqidagi qonun asosida ishlab chiqilgan.

Qonun bilan Intellektual mulk agentligining vazifalari Adliya vazirligiga yuklatilmoqda. Intellektual mulk ob’ektlari bo‘yicha davlat ekspertizasini o‘tkazuvchi vakolatli tashkilot sifatida Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi belgilanmoqda.

Shuningdek, tovar belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi to‘g‘risidagi guvohnomalarni berish muddatini qisqartirish nazarda tutilmoqda.

Mazkur qonun Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan  intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llash, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni qo‘llash vakolatlari adliya organlariga o‘tkazilayotgani qayd etildi.

Shu bilan birga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanishda 50 foizlik chegirma qo‘llanilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunga alohida to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlik sub’ektlari endi uch nafar emas, balki besh nafargacha doimiy ishchini yollaydi. Ular bilan mehnat shartnomasi tuzishga haqli hisoblanishi hamda o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish imkoniyati yaratilmoqda.

Qo‘mita majlisida yana bir nechta qonunlar qizg‘in muhokama qilindi va senatorlar tomonidan qonunlarni navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritish yuzasidan qaror qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA