O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limida «Janubiy Orolbo‘yi biologik resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish muammolari» mavzusida IX xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur anjuman biologik resurslarning dolzarb muammolari, ularni himoya qilish va oqilona foydalanish hamda hududdagi biologik turli-tumanlikni saqlab qolishga qaratildi.

Anjumanda mamlakatimiz va chet davlatlar yetakchi ilmiy muassasalarining, oliy o‘quv yurtlari va boshqa tashkilotlarning vakillari hamda yosh olimlar, doktorantlar, tadqiqotchi-izlanuvchilar qatnashdi.

–Hozirgi kunda Orol inqirozi va u keltirib chiqargan oqibatlarni o‘rganish O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi olimlarining asosiy tadqiqot ob’ektiga aylandi, –deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori, ekologiya fanlari doktori, professor Svetlana  Mambetullayeva. – Olimlar tomonidan Orol fojiasi oqibatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bu tadqiqotlar natijasida olimlarimiz Orol dengizi va Orolbo‘yi tabiiy hududlari biologik rejimi o‘zgarishlarini ko‘rsatuvchi juda ko‘p va turli-tuman, noyob materiallarni to‘pladi.

Konferensiyada  mamlakatimizning ko‘zga ko‘ringan olimlari Janubiy Orolbo‘yi tabiiy muhitining hozirgi holatini o‘z chiqishlarida tasvirlab berishdi. Yerdan foydalanishda tabiat muhofazasiga e’tibor qaratgan holda boshqarish muammolari muhokama qilindi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi konsepsiyasi va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi va hududning tabiiy muhiti ahvolini yaxshilash bo‘yicha takliflar bildirildi.

N. Rahmonova, O‘zA muxbiri