Tashkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida joylashgan “Kim Ren Xva chorva” fermer xo‘jaligi rahbari Yuliya Sergeyeva Prezidentga minnatdorchilik bildirib, videomurojaat yo‘lladi.

Yu.Sergeyeva Davlatimiz rahbarining paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini yanada takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida kelgusi yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda fermerlar muammosi tinglanganidan bag‘oyat mamnun ekanini bildirdi.

“Besh yil oldin chorvachilik sohasida katta hajmdagi islohotlar amalga oshirildi. O‘shanda ko‘plab tadbirkorlar, xususan, men ham qishloq xo‘jaligiga sarmoya kiritdik. Germaniya, Avstriya va Chexiyadan chorva mollari olib keldik. O‘z xodimlarimiz bilan birgalikda Rossiyada o‘qidik va qishloq xo‘jaligida yaxshi natijalarga erishdik.

Afsuski, quruq sut mahsulotlari importi ko‘paygani tufayli ishlab chiqaruvchilarning tabiiy sutga bo‘lgan talabi pasayib ketgan edi. Baxtimizga hukumat bizni eshitdi va bu muammoga e’tibor qaratdi”, deydi tadbirkor.

Davlat rahbari majlisda sut yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ishlab chiqish bo‘yicha Hukumatga topshiriq bergan edi.

O‘zA