Davlatimiz rahbarining joriy yil may oyida Xitoyga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish, mintaqada davlat boshqaruvi kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash sohalarida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda Xitoy Milliy boshqaruv akademiyasi tomonidan  Pekin shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi Davlat boshqaruvi akademiyalarining birinchi uchrashuvi tashkil etildi.

Ma’lumot uchun: Pekinda joylashgan Xitoy Milliy boshqaruv akademiyasi 1994 yilda tashkil etilgan. Mazkur akademiya Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi huzuridagi ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Ushbu akademiya davlat siyosati va davlat boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish, sohadagi kadrlarni qayta tayyorlash va undan keyingi amaliyotlar olib borishni rag‘batlantirib keladi.

Xalqaro uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adham Bekmurodov boshchiligidagi professor-o‘qituvchilardan iborat delegatsiya ishtirok etdi.

Markaziy Osiyoning Davlat boshqaruvi akademiyalari hamda Xitoy Milliy boshqaruv akademiyasi rektorlari hamda rahbariyati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotda Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori A.Bekmurodov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning malakali va zamonaviy bilimga ega kadrlar tayyorlashga berayotgan alohida e’tibori, shuningdek, mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiyot va davlat boshqaruvini isloh qilish borasida erishilgan natijalar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida olib borilayotgan transformatsiya jarayonlari, qisqa va uzoq muddatli  qo‘shma ta’lim dasturlari, Germaniya, Janubiy Koreya davlatlari bilan tashkil etilayotgan qo‘shma ta’lim dasturi haqida yig‘ilganlarni tanishtirdi. Shundan so‘ng Akademiya faoliyati to‘g‘risida mavjud savollarga javob berdi.

Xalqaro tadbir doirasida “Markaziy Osiyo – Xitoy” davlat boshqaruvi akademiyalari tarmog‘i ishga tushirildi.

Tarmoq ta’sischilari Xitoy Milliy boshqaruv akademiyasi hamda Markaziy Osiyoning beshta davlati, xususan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning davlat boshqaruvi akademiyalari hisoblanadi.

Xitoy Milliy boshqaruv akademiyasi tomonidan ilgari surilgan tashabbusga ko‘ra, Akademiyalar o‘rtasida yillik xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazish, davlat boshqaruvi kadrlarini tayyorlash sohasida qisqa va uzoq muddatli qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshiriladi. Doimiy akademik muloqotni yo‘lga qo‘yish, akademiyalarga o‘quv tashriflarini amalga oshirish, ilmiy nashriyotlar, ilg‘or loyihalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunida “Markaziy Osiyo – Xitoy” davlat boshqaruvi akademiyalari o‘rtasida istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA