Turkiya Respublikasi Sudyalar va prokurorlar kengashi a’zolaridan iborat delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga tashrif buyurdi.

Uchrashuvda ikki davlat yetakchilarining siyosiy irodalari natijasida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Sudyalar korpusini shakllantirish, ularning malakasini yanada oshirish borasida hamkorlik foydali va manfaatli ekani alohida ta’kidlandi.

Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan sud-huquq islohotlari, xususan, Sudyalar oliy kengashi faoliyati misolida sud hokimiyati mustaqilligini samarali ta’minlash, sudyalar korpusini shakllantirish hamda ularning daxlsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar mehmonlar tomonidan e’tirof etildi.

Ayniqsa, o‘tgan qisqa vaqtda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, tanlash va tayinlashning ochiq va shaffof tizimi yaratilgani  ularda katta qiziqish uyg‘otdi.

Uchrashuv davomida mamlakatimiz sud tizimi tarixida birinchi marta joriy etilgan sudyalikka nomzodlar va sudyalarning kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron psixologik test dasturi va uning natijalari, shuningdek, sudyalar faoliyatini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholash  tizimi hamda uning mezonlari xususida keng ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, Sudyalar oliy kengashi huzurida tashkil etilgan O‘zbekiston Sudyalar klubi  haqida ham to‘xtalib, odil sudlovni ta’minlash va sud amaliyotini birxillashtirishda jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatuvchi ushbu tuzilma tajribalari ham aytib o‘tildi.

O‘z navbatida mehmonlar sudyalarni tanlash va tayinlashdagi Turkiya tajribasi, ayniqsa, Sudyalar odobi kodeksidagi o‘ziga xos jihatlari bilan o‘rtoqlashdi.

Yakunda hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA