11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni

Mamlakatimizda kechayotgan islohotlarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari ham faol hissa qo‘shmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimiz tarixida ilk bor 11 noyabrni “Kasaba uyushmalari kuni” etib belgilash taklifi ilgari surilgach, “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Mamlakatimizda kasaba uyushmalarining erkin va keng ko‘lamli faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Natijada oxirgi yillarda kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik yangi bosqichga ko‘tarildi. Kasaba uyushmalarining xodimlar mehnat huquqlarini himoyalash, mehnat qonunchiligini takomillashtirish va XMT konvensiyalarini ratifikatsiya qilishda hamkorlik yo‘nalishlaridagi faoliyati sezilarli darajada oshdi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi axborot xizmatiga ko‘ra, 2023 yilning 10 oyi davomida kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning 3 ming 643 ta murojaati ko‘rib chiqildi. Natijada qariyb 8,5 ming nafar xodimning huquqlari tiklanib, ular foydasiga 26 milliard 114 million so‘mdan ziyod zarar pullari undirildi. Xodimlar huquqlarini tiklashni so‘rab ish beruvchilarga kiritilgan 82 ta taqdimnomaning 67 tasi qanoatlantirilib, qonunbuzilishi bartarf etildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida jamoatchilik nazorati doirasida Genderga oid audit o‘tkazish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Ish beruvchilar konfederatsiyasi o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha imzolangan Bosh jamoa kelishuvi, 14 ta hududiy jamoa kelishuvi, 102 ta tarmoq jamoa kelishuvi amal qilmoqda. Bevosita korxona va tashkilotlarda kasaba uyushmasi xizmatiga olingan 113 ming 262 ta yuridik shaxsning 113 ming 174 tasida, ya’ni 99,9 foizida jamoa shartnomalari tuzildi. Ushbu hujjat orqali munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat muhofazasi va gigiyenasi, bandlikni ta’minlash, mehnatga haq to‘lash, ijtimoiy imtiyoz va kafolatlar belgilash, dam oldirish va sog‘lomlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Jamoa shartnomasi tadbirlarini bajarish uchun respublika bo‘yicha o‘rtacha 1 nafar xodimga yil davomida sarflangan mablag‘ miqdori 7 million 600 ming so‘mdan ziyodni tashkil etmoqda.

Jamoa shartnomasi ish haqi miqdorini oshirishning samarali vositasiga aylanayotgani ham quvonarlidir. Xususan, respublika bo‘yicha 19 ming 15 ta korxona va tashkilotda jamoa shartnomalari asosida yagona tarif setkasida belgilangan razryadlar koeffitsiyenti ko‘tarilishiga erishildi. Bu orqali qariyb 900 ming xodimning ish haqi oshirildi. Jamoa shartnomalarining barchasiga xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishdan avval albatta kasaba uyushma qo‘mitasining roziligini olish zarurligiga oid talab kiritilishiga erishildi.

Jamoa shartnomalariga binoan 98 ming 436 nafar xodimga to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlash imkoni yaratildi. 2 million 188 ming nafardan ziyod xodim asosiy uzaytirilgan, 2 million 940 ming nafardan ziyod xodim esa yillik qo‘shimcha ta’tillardan foydalanmoqda. 2023 yilning 10 oyi davomida jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 156 ming 108 nafar fuqaroga va 65 ming 55 ta oilaga qariyb 144 milliard so‘mlik ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatildi.

Ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishi, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori standartlariga rioya etilishi, ish haqidan muddati o‘tgan qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi. Kasaba uyushmalarining sa’y-harakatlari bilan sud, prokuratura, hokimiyat organlari va mehnat inspeksiyasiga kiritilgan 372 ta murojaat natijasida 2023 yilning 10 oyi davomida o‘z vaqtida to‘lanmagan 151 milliard so‘m ish haqi mehnatkashlarga undirib berildi.

Mehnat muhofazasi bo‘yicha nazorat-profilaktika ishlari bilan birga xodimlarga munosib mehnat sharoitlari yaratilishi yuzasidan monitoring amalga oshirilmoqda. 2023 yilning o‘tgan davrida 1 ming 235 ta korxona va tashkilot faoliyati o‘rganilib, aniqlangan 4,5 mingga yaqin kamchilik bartaraf etilishi ta’minlandi. Korxona va tashkilotlarda baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olish maqsadida doimiy monitoring amalga oshirilib, tegishli ma’lumotlar Vazirlar Mahkamasiga kiritib borilmoqda.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari yangi ochilgan korxona va tashkilotlarni kasaba uyushmalariga jalb etish, bu orqali ularda mehnat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash borasida ham tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, 2023 yil boshidan bugungi kungacha 12 ming 249 ta korxona, tashkilotda mehnat qilayotgan 210 ming 96 nafar xodim kasaba uyushmalariga jalb etildi.

So‘nggi yillarda kasaba uyushmalarining xorijiy mamlakatlar kasaba uyushmalari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi rivojlanmoqda. Xalqaro mehnat tashkiloti bilan aloqalar kuchaydi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi tuzildi. Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari Kengashi tashkil etildi.

2016 yilda kasaba uyushmalari tizimida jami 17 ta sanatoriy faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib ular 31 taga yetdi. Federatsiya tizimidagi sanatoriy va dam olish uylarida 2017 yilda 5 ming 257 o‘rin mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda ulardagi o‘rinlar soni 7 mingtaga yetkazildi. Natijada kasaba uyushma sanatoriylarida yil davomida 200 ming nafarga yaqin kishini sog‘lomlashtirish imkoni yaratildi. Joriy yilning o‘tgan davrida kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda 150 ming nafardan ziyod xodim va ularning oila a’zolari, 300 nafardan ortiq urush va mehnat fronti faxriysi imtiyozli asosda sog‘lomlashtirildi. Kam ta’minlangan, ko‘p bolali va yosh oilalar vakillari, tibbiyot xodimlari, o‘qituvchilar uchun aksiyalar tashkil etilib, ulardan qariyb 3 ming nafari bepul yo‘llanmalar bilan sog‘lomlashtirildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimida Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tashkil etilib, 106 ta oromgoh departamentga o‘tkazildi. Joriy yilda federatsiya tizimiga o‘tkazilgan 75 ta oromgohda katta ko‘lamdagi ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, barcha zarur jihoz va inventarlar, maishiy texnikalar bilan ta’minlandi. Ushbu maqsadlarga 43 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Respublika bo‘yicha yoz mavsumida jami 1 ming 118 ta bolalar oromgohi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda 350 mingga yaqin bolajonlar sog‘lomlashtirildi.

O‘tgan davrda xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish maqsadida turli sport musobaqalari, spartakiadalar, ommaviy yugurish va yurish tadbirlari o‘tkazildi. Mehnat jamoalarida ishlab chiqarish gimnastikasi joriy etildi.

Shu kunlarda yurtimizda O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni keng nishonlanmoqda. Mehnat jamoalarida O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuniga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda. Muruvvat va Saxovat uylari moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, kasaba uyushmalari tizimi yurtimizdagi yangilanish jarayonlarining faol ishtirokchisiga aylandi.

N.Usmonova, O‘zA muxbiri