O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida iqtisodiy almashinuv va sarmoyaviy faoliyat rivojlanib, hamkorlik yangi pog‘onaga ko‘tarildi.

Koreyadan O‘zbekistonga kiritilgan investitsiyalar hajmi 7 milliard dollardan oshdi. Mamlakatimizda koreyalik hamkorlar bilan qariyb mingta qo‘shma korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Amalga oshirilayotgan loyihalar ikki mamlakat uchun ham birdek manfaatli bo‘lmoqda.

Bu Oliy Majlis Senatida Koreya – O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosari Kim Chang Keon bilan uchrashuvda alohida qayd etildi.

Senat raisi T.Norboyeva muloqot davomida Janubiy Koreyaga qilgan amaliy tashrifda erishilgan kelishuvlarga e’tibor qaratdi. Xususan, ishlab chiqarish tarmoqlariga yangi investitsiya loyihalarini kiritish, chiqindi poligonlari negizida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash majmuasini hamkorlikda yaratish, transport-logistika sohasida qo‘shma korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash kabi yana bir qator masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash, Koreya Respublikasining yetakchi kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish yuzasidan fikr almashdi.

Kim Chang Keon Janubiy Koreya ishbilarmonlari O‘zbekistonga investitsiya kiritishdan manfaatdorligini bildirdi. Bunda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, mamlakatda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Koreyadan tashqari Yaponiya va Xitoyga eksport qilishda katta imkoniyatlar mavjudligini aytib o‘tdi.

Muloqotda tomonlar o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni barqaror davom ettirish va investitsiya loyihalarini jadal sur’atda amalga oshirishga kelishib oldi.

N.Abduraimova, O‘zA