8-9 noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT)ga a’zo davlatlar sammiti oldidan dunyoning turli yetakchi xalqaro nashrlari mazkur anjumanning alohida ahamiyati keng yoritilmoqda. Masalan, Turkiyaning “Yeni Safak” gazetasi sammitda Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an ishtirok etishini ma’lum qildi va muhokama qilinadigan dolzarb mavzular orasida Falastinga tezroq insonparvarlik yordami ko‘rsatish masalasi ham borligini ta’kidladi.

– O‘tgan hafta Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti anjumanida ishtirok etgan Turkiya Prezidenti 8-9 noyabr kunlari O‘zbekiston poytaxti Toshkent mezbonlik qiladigan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida ham ishtirok etadi, – deyiladi xabarda. –Rejep Tayyip Erdog‘an delegatsiyalar uchrashuvlarida qatnashishdan tashqari, a’zo mamlakatlar yetakchilari bilan yuzma-yuz suhbatlashadi.

Xabar qilinishicha, sammitda a’zo mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Mintaqaviy savdoni takomillashtirish, buning uchun IHT savdo bitimi (ECOTA) va a’zo davlatlar o‘zaro savdosi hajmini 100 milliard dollar oshirish maqsadida savdo tartibini soddalashtirish strategiyasi bo‘yicha qo‘llanadigan vositalar ham muhokama qilinishi kutilyapti.

Mintaqada transport infratuzilmasini rivojlantirish mavzusi ham kun tartibidan o‘rin olgan. Qolaversa zamonaviy Ipak yo‘lini qayta tiklash bo‘yicha amalga oshirilayotgan hamkorlikka baho beriladi. Turkiya yetakchiligidagi Trans-Kaspiy tashabbusi “O‘rta Sharq– G‘arb yo‘lagi” va Boku– Tbilisi –Kars temir yo‘li loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinadi.

S.Rahimov,

O‘zA