Kuni kecha Istanbulda “Mediada birlik va kelajakka qarash” mavzusida turkiy tilli davlatlar media sammiti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi bosh direktori Serdar Karagez, Qirg‘izistonning “Kabar” axborot agentligi direktori Mederbek Shermetaliyev, Qozog‘istonning “Qazcontent” mediaxolding boshqaruvi raisi Bekzat Jusupov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, shuningdek, Turkiya Prezidenti ma’muriyatining Aloqa bo‘limi mudiri Fahrettin Altun, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek O‘muraliyev va boshqa oliy martabali mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zaro axborot almashishda turkiy tilli davlatlar yetakchi media tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyatini alohida e’tirof etdi.

Shunga ko‘ra, Alyans turkiy dunyoning mushtarak merosi va madaniyatini asrab-avaylash va ommalashtirishda muhim rol o‘ynashi qayd etildi.

Sammit yakuniga ko‘ra besh davlat media tuzilmalari rahbarlari o‘rtasida Turkiy tillar axborot agentliklari alyansini tuzish to‘g‘risida deklaratsiya imzolandi.

 

N.Usmonova,  

O‘zA