Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi: xavfsizlik sohasida hamkorlikning yangi kun tartibi” mavzusida ekspertlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davlatimiz rahbari tashabbusi bilan, shuningdek 2023 yil 2 dekabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchilari ikkinchi sammitida erishilgan kelishuvga muvofiq tashkil etildi.

Ekspertlar konferensiyasida YeI tomonidan Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil, terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi, YeIning respublikamizdagi elchisi, shuningdek tuzilma moliyalashtirayotgan loyihalar rahbarlari, xavfsizlik bo‘yicha YeI – Markaziy Osiyo formatida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar ishtirok etdi.

O‘zbekiston va mintaqamiz mamlakatlaridan tahliliy tuzilmalar ekspertlari, tegishli vazirlik, muassasalar vakillari qatanshdi. Anjumanda xavfsizlik sohasidagi hamkorlik dasturlari doirasida YeI va Markaziy Osiyo sherikligi joriy holati tahlil qilinib, jarayonga tegishli baho berildi. Terrorizm, ekstremizm va radikalizm, kiber jinoyatchilik, transchegaraviy uyushgan jinoyatchilik, odam savdosi kabi tahdidlarga qarshi kurash bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Saidmurod Rahimov, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA