Bosh prokuror o‘rinbosari S.Samadov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida qurilishga oid davlat dasturlari ijrosi, byudjet xarajatlarini optimallashtirish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli o‘rganilmoqda.

Jumladan, Beruniy tumanida Investitsiya dasturiga muvofiq tumandagi Jumaniyazov oilaviy shifokorlik punktini rekonstruksiya qilish, 6-, 70-sonli umumta’lim maktablarini qurish, “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida 49-sonli umumta’lim maktabi binosini ta’mirlash, 2-sonli kasb-hunar maktabiga qo‘shimcha bino qurish ob’ektlarida bo‘lib, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda narxlarni sun’iy ko‘tarmaslik, ortiqcha ish turlari kiritilishiga yo‘l qo‘ymaslik, qurilishda loyihadan chetga chiqmaslik bo‘yicha topshiriqlar berildi. So‘nggra, ishchi guruh tumandagi “Shabboz tosh” mas’uliyati cheklangan jamiyat beton va asfalt ishlab chiqarish zavodida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayoni bilan ham tanishdi.

Shuningdek, To‘rtko‘l tumanida Investitsiya dasturiga muvofiq “G‘alaba” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan tibbiyot birlashmasining 70 o‘rinli tug‘ruq bo‘limi, “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida tibbiyot birlashmasi tug‘ruqxona bo‘limini joriy ta’mirlash, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi To‘rtko‘l tumani bo‘limi binosi ob’ektlarini o‘z muddatida va sifatli foydalanishga topshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, Ellikqal’a tumani, “Duman qal’a” mahalla fuqarolar yig‘inida 150 o‘rinli yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti, tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limi binolarini yangidan qurish, 41-sonli maktabga qo‘shimcha bino qurish, Amudaryo tumanidagi Mang‘it suv tozalash inshooti, 31-maktabga qo‘shimcha bino, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida uy-joylar va kommunikatsiya tarmoqlari ob’ektlarida mahalliy mahsulotlar ishlatilishi hisobiga tannarxni pasaytirish lozimligi ta’kidlandi.

Taxtako‘pir tumanida Investitsiya dasturiga muvofiq “KS-4” tumanlararo kollektorining PK100+00 dan PK210+00 gacha qismini rekonstruksiya qilish, “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida tuman tibbiyot muassasasining terapiya va tug‘ruq bo‘limlari binosini ta’mirlash, 3-sonli umumta’lim maktabiga sport maydonchasi qurish ob’ektlarida bo‘lib, sifatsiz bajarilgan ish turlarini bartaraf etish, qurilishning o‘z muddatida va sifatli bajarilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, Qorao‘zak tumanida “Ota makon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yangidan 60 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish, 3-sonli umumta’lim maktabini rekonstruksiya qilish, S.Kamalov ovuli fuqarolar yig‘iniga ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida uy-joylar va kommunikatsiya tarmoqlarini qurishda pudratchi tashkilotlarining ishchi xodimlarini qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, Chimboy tumanida “Tag‘ jap” ovul fuqarolar yig‘inidagi “Kishi kuyin” suv olish inshootini rekonstruksiya qilish va “Anna” va “Sanatoriya” ovullaridagi ichimlik suv tarmog‘ini yangidan qurish, 4R176 “Nukus sh. – Chimboy sh. – Taxtako‘pir o.” avtomobil yo‘lining 0-14,3 km va 58-63 km qismlarini rekonstruksiya qilish, 24 va 41-sonli umumta’lim maktablarini rekonstruksiya qilish ob’ektlarida qurilish sifatini tizimli nazorat qilib borish lozimligi ta’kidlandi.

O‘rganishlar davom etmoqda. 

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri