Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov, “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov hamda “Gulxan” jurnali mas’ul kotibi Azim Axtamovlardan iborat delegatsiyamizning Hindistonga safari davom etmoqda.

Hamkasblarimiz ushbu mamlakatda chop etiladigan nufuzli nashrlardan biri – “The Indian Express” gazetasi tahririyatida bo‘lib, ijodiy xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, gazetani nashrga tayyorlash va sahifalash jarayonlari bilan tanishdi.

O‘zaro muloqot chog‘ida O‘zbekistonda keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi bilan mamlakatda so‘z erkinligini ta’minlash, jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari emin-erkin, shaffof va mustaqil faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgani alohida e’tirof etildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, “The Indian Express” gazetasiga 1931-yilda asos solingan. Bu kundalik gazeta har kuni 600 ming nusxada chiqadi. Dehli va mamlakatning boshqa hududlari uchun alohida-alohida, ya’ni moslashtirilgan holda nashr etiladi. Gazetaning ko‘plab davlatlarda muxbirlari borligi ham e’tirofga molik.

Uchrashuvda “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov bosma nashrlarning bugungi kunda tutgan o‘rni va ahamiyati xususida so‘z yuritdi. Prezidentimizning alohida e’tibori va qo‘llab-quvvatlovi, hukumatimizning bu boradagi amaliy sa’y-harakatlari bilan mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatining mutlaqo yangi davri boshlangani va uning samaralari haqida gapirib berdi.

Muloqot chog‘ida “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati bilan “The Indian Express” gazetasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi tuzish haqida kelishib olindi.

– Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ochiqlik va so‘z erkinligiga e’tibor samarasi o‘laroq, bugun biz Hindistondagi eng ilg‘or nashrlardan birida hamkasblarimiz bilan o‘zaro fikr almashdik, – dedi Salim Doniyorov. Bu nimadan dalolat beradi?  Bu, avvalo, o‘zbekistonlik jurnalistlar ham xalqaro miqyosda fikr almashish, mamlakatdagi islohotlar haqida so‘z yuritish imkoniga ega bo‘lganining amaliy ifodasidir. Bugun “The Indian Express” gazetasi bilan o‘zaro dastlabki manfaatli kelishuvlarga erishdik. “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalarida chop etilgan maqolalarni bu yerdagi hamkasblarimizga yuborish va chop ettirish, muntazam tajriba almashib turish, bularning bari biz uchun ham, hindistonlik do‘stlarimiz uchun foydali bo‘ladi, albatta.

Shuningdek, Hindiston xalqaro markazida “The Economic Times”  gazetasi bosh muharriri Pranab Dhal Samanta bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ham Salim Doniyorov mamlakatimiz media olamidagi bugungi o‘zgarishlar shukuhi, xususan, “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari faoliyati, milliy kontent yaratish yo‘lidagi amaliy ishlar haqida so‘zlab berdi. Uchrashuvda ushbu gazeta tahririyati bilan ham hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ijobiy xulosalar bo‘ldi.