Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida “Ralli Mo‘ynoq – 2024” musobaqalarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan musobaqa bu yil ham umumiy masofasi 450 km bo‘lgan, 13 ta nazorat punktiga ega va 10 ta maxsus tezkor harakatlanish uchastkasi mavjud bo‘lgan yo‘llarda o‘tkaziladi.

Chempionatni tashkil etishdan asosiy maqsad mintaqada turizmni rivojlantirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish, sport va festivallar turizmini rivojlantirish, avtomotosport turlarini ommalashtirish, shuningdek, yosh avlodni texnik va amaliy sport turlariga jalb qilishdir. Bundan tashqari, rallini tashkil etish orqali tumanda turizm sohasida faoliyat olib boruvchi korxonalarni va xizmat ko‘rsatish sohasini qo‘llab-quvvatlash.

Mamlakatimizning turli burchaklaridan va xorijdan kelgan sportchilar ikki toifadagi sport avtomobillarida dvigatel hajmi 1600 sm3gacha “A-8” va dvigatel hajmi 2000 sm3gacha “A-9” sinflaridagi avtomobillarda musobaqalashadi. Shuningdek, dvigatel hajmi 2000 sm3gacha “Baggi” va dvigatel hajmi 125 sm3gacha va 500 sm3gacha mototsikllar bo‘yicha musobaqalar ham tashkil etiladi.

“Ralli Mo‘ynoq – 2024” avtomotosport musobaqalarida 135 nafardan ortiq avtomotosport ustasi 48 ta avtomobilda, 25 ta sport mototsiklida 11 ta “Baggi”da ishtirok etadi. Uch kun davom etadigan ushbu nufuzli musobaqalarni nafaqat o‘zbekistonliklar, balki qo‘shni mamlakatlardan ushbu sport turi ixlosmandlari katta qiziqish bilan kutishmoqda.

“Ralli Mo‘ynoq – 2024” avtomobil sporti musobaqalari g‘oliblariga, murabbiylar va hakamlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashining esdalik sovg‘alari topshiriladi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari