Birlashgan Arab Amirliklari axborot agentligi – WAM sahifasida tashqi ishlar vaziri shayx Abdulloh bin Zoid Ol Nahayon xalqaro hamkorlik yo‘nalishi bo‘yicha bir guruh faollarni taqdirlagani to‘g‘risida maqola e’lon qilindi.

Muallif Abu-Dabida akkreditatsiyadan o‘tgan 18 xorijiy vakolatxona va mamlakat Tashqi ishlar vazirligining 9 bo‘limi istiqbolli yo‘nalishlarda alohida natijaga erishgani uchun asosiy nominatsiyalar bo‘yicha mukofotlangani, shuningdek vazirlikning 7 nafar xodimi ham medallarga sazovor bo‘lganini ta’kidlangan.

E’tirof etilganlar orasida O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdulaziz Aqqulov ham bor. Quvonarlisi, diplomatimiz a’lo darajali sovringa munosib ko‘rilgan.

Abdulloh bin Zoid Ol Nahayon, jumladan, O‘zbekiston va BAA o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini ta’kidlab, mazkur jarayonda ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari va diplomatik vakolatxonalari faoliyati muhim ahamiyat kasb etishiga e’tibor qaratgan.

Tadbir doirasida xorijiy diplomatik missiya sifatida jami 142 elchixonadan hududlar kesimida 9 muassasa, Osiyo va Tinch okeani mintaqasidan O‘zbekiston va Hindiston elchixonalari hamda Dubaydagi 85 konsulxonadan 4 Bosh konsulxona “Xalqaro hamkorlik a’lochisi” mukofotiga loyiq, deb topildi.

Vazir g‘oliblarni tabriklab, ularning ilg‘or tashabbusi, ijodiy g‘oyasi, ishdagi fidoyiligini yuqori baholadi.

2014 yil ta’sis etilgan, diplomatik munosabatni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan elchixona va diplomatlar taqdirlanadigan xalqaro hamkorlik faollari sovrini BAA vitse-prezidenti, Bosh vaziri va Dubay hokimi Muhammad bin Rashid Ol Maktum tashabbusi bilan topshiriladigan Hukumat a’lochilari mukofotining tarkibiy qismi hisoblanadi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA