O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish, shuningdek, ushbu sohada belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish vazifalari yuklatildi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Radiatsion, kimyoviy va tibbiy – biologik muhofaza boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tuzilmasida yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘limi hamda bo‘linmalari tashkil etiladi.

Quyidagilar bo‘limning (bo‘linmalarning) asosiy vazifalari etib belgilanadi:

vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilishda belgilangan xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

respublika hududiga olib kirilgan, respublika hududida joylashgan ob’ektlarda saqlanayotgan hamda respublika hududi orqali tranzit tashilayotgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) to‘g‘risida yagona markazlashgan ma’lumotlar bazasini yaratish va doimiy yuritib borish;

kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilishda yuzaga keladigan texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek, oqibatlarini bartaraf etish ishlarini muvofiqlashtirish;

kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilish sohasida manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.

Qarorga ko‘ra, respublika hududiga olib kiriladigan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) bo‘yicha elektron ma’lumot almashinuvi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab respublika hududiga olib kirilgan hamda belgilangan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) va ularni olib kiruvchi sub’ektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Bojxona qo‘mitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali Favqulodda vaziyatlar vazirligiga real vaqt rejimida taqdim etib boriladi.

Respublika hududiga olib kirilgan, respublika hududida joylashgan ob’ektlarda saqlanayotgan hamda respublika hududi orqali tranzit tashilayotgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) to‘g‘risida yagona markazlashgan ma’lumotlar bazasini yaratiladi va doimiy yuritib boriladi.

Kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlashga quyidagilar javobgar hisoblanadi:

kimyoviy moddalar (mahsulotlarni) omborga joylashtirilguniga qadar -tashuvchi;

kimyoviy moddalar (mahsulotlar) omborga joylashtirilganda – ombor egasi;

kimyoviy moddalardan (mahsulotlardan) foydalanish va yo‘q qilishda – ulardan foydalanuvchi sub’ekt.

O‘zA