Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tuman bo‘limi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tintuv, tergov harakatlari davomida qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi.

Fuqaro B.K. o‘z uyida qo‘lbola usulda tayyorlangan qalbaki aksiz markali 888 dona, “Cobalt” rusumli avtotransport vositasida esa O‘zbekiston Respublikasi aksiz markasi bilan yelimlanmagan xorijda ishlab chiqarilgan 114 dona alkogol mahsulotini o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tuman bo‘limi tomonidan Ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda valyuta qimmatliklari noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi. Jumladan, valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan N.A. jami 269 ming Rossiya rublini fuqaro N.M.dan 34,1 million so‘mga sotib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri