Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali hududi atrofiga daraxt va buta ko‘chatlarini ekish aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 11 oktyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barcha hududlarda kuzgi daraxt ekish ishlarini olib borish bo‘yicha topshiriqlar belgilab berilgan edi. Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan aksiyada filialning barcha kafedra va bo‘limlari xodimlari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida 200 tup manzarali va mevali daraxt ko‘chati o‘tqazildi. Filial hududi chiqindilardan tozalanib, obodonlashtirish ishlari olib borildi.
– Yurtimiz bo‘ylab start olgan ushbu tashabbus ekologiyamizni barqarorlashtirish, havoning tozaligini ta’minlash va qalbimizni ezgulikka burkashda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i A.Seytkamalov. – O‘quv yurti jamoasi tashabbuskorlik ko‘rsatib, loyihaga o‘z hissasini qo‘shishga bel bog‘ladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri