Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qirq oltinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, sektorlar hamda tegishli soha rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyada dastlab sud va boshqa organlar hujjatlarining ijrosi bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga parlament so‘rovini yuborish masalasi ko‘rib chiqildi. Ushbu masala yuzasidan Jo‘qorg‘i Kengesning qo‘mita raisi Z.Reymovaning axboroti tinglandi va tegishli qaror qabul qilindi.

Deputatlar tomonidan, shuningdek, 2023 yilning 9 oyi davomida Investitsiya dasturi asosida amalga oshirilishi belgilangan ishlar, shu jumladan, hududiy investitsiya loyihalarining ishga tushirilishi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va eksport ko‘rsatkichlarining bajarilishi to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo  vazirining hisoboti,  2023 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish va belgilangan maydonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hisoboti, Huquqbuzarlikning oldini olish va ularning profilaktika holati to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining hisoboti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining tegishli qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi va boshqa muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari