“Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun “Taxiatosh” suv tozalash inshootiga press-tur tashkil etildi.
“Tuyamo‘yin”, “Nukus” suv tozalash inshootlari kabi “Taxiatosh” suv tozalash inshootida ham aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarga kanaldan keltirilgan suvni tozalab, aholiga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayon namoyish etildi.
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolbo‘yi aholisini uzluksiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va uning sifatini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “Taxiatosh” suv tozalash inshooti bir kecha kunduzda 60 ming/m3 suvni tozalash quvvatiga ega. Taxiatosh, Xo‘jayli, Qonliko‘l, Shumanay, Qo‘ng‘irot, Mo‘ynoq tumanlari va Nukus shahrining ayrim hudud aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlab kelmoqda. Ushbu inshootning suv ta’minoti manbai “Suyenli” kanali hisoblanadi. Inshootda ichimlik suvning sifati laboratoriya mutaxassislari tomonidan uzluksiz tekshirilib, nazorat qilib boriladi. Suvni qayta ishlashda qo‘llaniladigan vositalar (koagulyant, suyuq xlor) zaxirasi mavjud.
Tadbirda kanaldan olinadigan suvning loyqaligi boshqa joylarga nisbatan yuqoriligi tufayli tozalash jarayonlarida ko‘p miqdorda kuch va elektr energiyasi sarflanishi qayd etildi. Bu esa aholiga yetkazib berilayotgan suvning ishlab chiqarish tannarxiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shu jihatdan, mutaxassislar tomonidan suvni tozalash jarayonidagi muammolar, uning aholiga arzon narxlarda yetkazib berilishidagi mashaqqatli mehnatning qadriga yetish lozimligi, buning uchun esa har bir iste’molchi suvdan oqilona foydalanishi zarurligi bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirdi.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar bu borada o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA