Nukusda yunon-rum, erkin kurash va ayollar kurashi bo‘yicha “New Uzbekistan” xalqaro musobaqasi g‘oliblari aniqlandi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 29 iyuldagi “Sport kurashlarining olimpiya turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan tashkil etilgan musobaqada Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Armaniston, Qirg‘iz Respublikalaridan va mamlakatimizning barcha hududlaridan 300 nafardan ziyod sportchi ishtirok etdi.
Uch kun davom etgan musobaqa yakunida yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘z vazn toifalarida mamlakatimiz vakillaridan A.Xalimboyev, T.Tuyev, M.Baxshilloyev, A.Abdumutalibov, S.Rustamov, eng og‘ir vaznda Belarus Respublikasidan D.Zarubskiy, erkin kurash bo‘yicha vakillarimizdan M.Shavkatov, S.Daminjanov, Sh.Poyonov, N.Abdurashidov, Qirg‘iz Respublikasidan B.Sharib o‘g‘li, Qozog‘istondan A.Qurmanaliyev birinchi o‘rinlarni egalladi.
Ayollar kurashi bo‘yicha 50 kg vazn toifasida Tojikistondan V.Shakarshoyeva, qolgan 5 ta vazn toifasida qoraqalpog‘istonlik sportchi qizlar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Jumladan, S.Jiyenboyeva, A.Qurbanboyeva, M.Qo‘shmuratova, N.Yesenboyeva hәm V.To‘reniyazova birinchi o‘rinlarga sazovor bo‘lishdi.
Xalqaro musobaqa g‘olib va sovrindorlariga tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari