Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi va ekologik masalalar butun dunyoni tashvishga solayotgan jarayondir. Global isish, iqlim o‘zgarishlari, yildan yilga kuchayayotgan qurg‘oqchilikning ta’siri ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolarda, ayniqsa, ko‘zga tashlanyapti. Mamlakatimiz esa iqlim o‘zgarishi ta’siriga ko‘proq moyil bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Shu sabab O‘zbekiston hukumati bu muammolarni qo‘l qovushtirib kuzatayotgani yo‘q, albatta.

Jumladan, atmosfera havosiga tashlanayotgan tashlamalarni kamaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtaladigan bo‘lsak, XX asrga kelib dunyo mamlakatlarida sanoatning katta sur’atlarda rivojlanishi, tabiatga yetkazilgan ulkan zarar, uning resurslaridan noto‘g‘ri foydalanish natijasida atmosferaga behisob miqdorda issiqxona gazlari chiqmoqda. Bu esa iqlim o‘zgarishiga, dunyoning turli burchaklarida, yilning turli fasllarida haroratning keskin o‘zgarishiga, turli xil tabiiy kataklizmlarga olib kelmoqda.

Butunjahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kungacha global yillik o‘rtacha havo harorati 1880 yildagi darajadan 1 gradusga ortgan. O‘zbekistonda xuddi shu davr uchun o‘rtacha yillik havo harorati 1,6 gradusga ko‘tarilgan – biz global masshtabda kuzatilayotgan o‘rtacha templardan ko‘proq “isiganmiz”.

Shunday bir vaziyatda, mamlakatimiz sanoat korxonalaridan atmosfera havosiga yillik sanoat tashlamalari miqdori 2022 yilda 874 ming tonnani tashkil etdi.

Tashlamalarning 360,5 ming tonnasi – neft va gaz, 200 ming tonnasi – energetika, 185,5 ming tonnasi – metallurgiya, 25 ming tonnasi – qurilish va 103 ming tonnasi boshqa tarmoqlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Atmosferaga asosiy ta’sir ko‘rsatuvchi tarmoqlar issiqlik elektr stansiyalari hamda sement ishlab chiqaruvchi korxonalar hisoblanadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 12 ta IESlar, shu jumladan, ko‘mirga ixtisoslashgan “Angren” va “Yangi Angren” issiqlik elektr stansiyalari faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, 36 ta sement ishlab chiqaruvchi korxona, 15 ta neft va gazni qayta ishlash hamda 4 ta metallurgiya sanoati mavjud.

Bugungi kunda sanoat korxonalaridan atmosferaga tashlanmalarni kamaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan maxsus dastur qabul qilingan. Uning doirasida 2023 yilga belgilangan 145 ta sanoat korxonalarida 723 ta chang-gazlarni tutib qolish uskunalarini ta’mirlash va yangilariga almashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Atrof-muhitga xavf darajasi yuqori va o‘rta bo‘lgan yangi tashkil etilayotgan korxona va tashkilotlar (shu jumladan, sexlar) uchun ishlab chiqilgan “Ekologik oqibatlar to‘g‘risida bayonot” (ZEP) loyiha hujjatlari asosida samaradorlik darajasi 99,5 foizdan kam bo‘lmagan chang-gazlarni tutib qolish uskunalarini o‘rnatish ta’minlanmoqda.

Transportlardan tashlamalar bo‘yicha konsepsiya doirasida jamoat transportining kamida 50 foizini gaz-ballon yoqilg‘i, elektr va boshqa muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish maqsad qilib olingan. Bu juda katta raqam va agar ushbu ko‘rsatkichga erishilsa, avtomobillardan havoga yetkazilayotgan zarar keskin kamayadi. Hozir respublikada jismoniy shaxslarga tegishli jami 3 million 268 ming 480 ta avtotransport vositalari foydalanishda bo‘lib, shundan 796 ming 34 tasi benzin, 71 ming 88 tasi dizel va 2 million 401 ming 348 tasi gaz yoqilg‘isida harakatlanishga mo‘ljallangan.

Yana bir masala: mamlakatimizda harakatda bo‘lgan avtotransportlarning 100 mingtasi nosoz avtotransportlar hisoblanadi. Ulardan atmosferaga yiliga o‘rtacha 1,27 million tonna tashlamalar tashlanmoqda.

Respublikamizda atmosfera havosiga avtotransportlardan tashlanayotgan tashlamalar miqdorini kamaytirish maqsadida bir yilda II bosqichli “Toza havo” oyligi tadbiri o‘tkaziladi. Mazkur oylik davomida 2022 yilda 295 ming transport vositalari tekshirilgan bo‘lsa, joriy yilda 300 ming transport vositalarini nazoratdan o‘tkazish belgilangan.

Bunday nazorat tadbirlari davomida gazlarda ifloslantiruvchi moddalar belgilangan standartlarni qo‘pol ravishda buzgan 3 ming 329 ta avtotransport haydovchilariga nisbatan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan tegishli choralari qo‘llanildi hamda 2 ming 914 tasining harakati vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yildi.

Tekshirilgan avtotransport vositalarining 1 ming 43 tasi yoki 2,2 foizida ishlatilgan gazlarining ifloslantiruvchi moddalari miqdori o‘rnatilgan me’yorlardan yuqoriligi aniqlangan va bu holatni bartaraf etish uchun avtomobillar texnik xizmatga yo‘naltirilgan. Umuman, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotlariga qaraganda, “Toza havo” oyligida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish evaziga jami 209,232 tonna ifloslantiruvchi moddalar atmosfera havosiga chiqarilishining oldi olingan.

Bu raqam mana shunday tadbirlar va aksiyalar naqadar muhim ekanligini yaqqol ko‘rsatib turadi. Chunki shahar va tumanlarimizda avtomobillar soni muttasil ko‘paymoqda va bu jarayon yana davom etadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA