Prezidentimizning 2021 yil 5 noyabrdagi “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “Paxtakor” sport majmuasi zalida mashg‘ulotlarni yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha sharoit yaratilgan. Zamonaviy qilichbozlik yo‘lakchalari, elektrofiksator, xalqaro talablarga javob beradigan sport jihozlari bilan ta’minlangan.

Mazkur sport turi bilan shug‘ullanuvchi yoshlar uchun yaratilayotgan bunday imkoniyatlar kelgusida o‘z natijasini ko‘rsatib, sportchilarimiz qit’a va jahon chempionatlarida, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida yuqori natijalarga erishishiga xizmat qilmoqda.

Buni Xanchjou shahrida o‘tgan XIX Osiyo o‘yinlari misolida ham ko‘rdik. Unda mamlakatimiz sharafini himoya qilgan 17 yoshli Dilnoz Murtazoyeva shpaga yo‘nalishida, Zaynab Dayibekova sablya yo‘nalishida bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, mamlakatimiz tarixida O‘zbekiston ayollar termasi jamoaviy bahslarda oltin medalga sazovor bo‘ldi.

14-15 oktyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Satellit” xalqaro turnirida ham vakillarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuksak marralarni zabt etishiga ishonamiz.

Darvoqe, ertaga, 14 oktyabr kuni Toshkentdagi “Paxtakor” sport majmuasi va “Yoshlik” qilichbozlik sport zallarida qilichbozlik sportining rapira turi bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida “Satellit” xalqaro turniri boshlanadi.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda mamlakatimiz qilichbozlik federatsiyasi tomonidan tashkil etilayotgan mazkur musobaqada hamyurtlarimizdan tashqari Avstriya, Jazoir, Xorvatiya, Buyuk Britaniya, Gonkong, Qozog‘iston, BAA, Gana, Irlandiya, Italiya, Senegal, Shveysariya kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan yuzga yaqin qilichbozlar raqobatlashadi.

Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, ushbu turnirda sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilar “Parij-2024″ Olimpiadasining muhim litsenzion reyting ochkolariga ega bo‘ladi.

Mazkur musobaqada qizlar o‘rtasida Maftunabonu Davronova, Umida Ilyosova, Robiyajon Iminova, Rada Qosimova, Durdona Madaminjonova, Komila Mirzayeva, Oydinoy Naimsherova, Marjona Usmonovadan tashkil topgan terma jamoamiz bahslarga kirishadi.

O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi safida esa Fayzullaxo‘ja Alimov, Muhammad Yusuf Asranov, Ilyosbek Maripjonov, Jamoliddin Maripjonov, Muslimbek Mirzaolimov, Ilyos Molina, Xushnudbek Mo‘minov, Doniyor Sa’dullayev, Radmir Semeneyev, Ahmadulloxon Solixojiyev, Anvarxon Solixojiyev va Ulug‘bek Usmonov medallar va muhim reyting ochkosi uchun bellashadi.

Ushbu nufuzli musobaqaga terma jamoamiz a’zolari poytaxtimizda tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida Vitaliy Malenkin va Doniyor Nugumanov qo‘l ostida shug‘ullandi.

O‘zbekiston qilichbozlik federasiyasi va qator tashkilotlar tomonidan “Satellit” xalqaro turnirini yuqori saviyada o‘tkazish, musobaqa tashkil etiladigan sport majmualarining xalqaro standartlarga mos kelishini ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar olib borildi.

Bugun mamlakatimiz har qanday sport tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etishga qodir davlatlar qatorida yuqori o‘rinlarda borayotgani yurtimizda sport sohasida olib borilayotgan islohotlar samarasidir.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA