Qatarda davom etayotgan “Qatar Masters Open” xalqaro turnirining ikkinchi kungi bellashuvlari mamlakatimiz shaxmatchilari uchun omadli kechdi.

Shiddatli bahslar yakuniga ko‘ra, Javohir Sindorov qozog‘istonlik Kazibek Nagerbekni, Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda hindistonlik Shardul Gagareni, Jahongir Vohidov hindistonlik Nitish Belurkarni, Shamsiddin Vohidov yana bir hindistonlik shaxmatchi Audi Ameyyani, Muhiddin Madaminov eronlik Parxam Magsudluni, Bahrom Bahrillayev hindistonlik Pranavni mag‘lubiyatga uchratdi.

Yurtimiz shaxmatchilarining yetakchisi bo‘lgan Nodirbek Abdusattorov kutilmaganda eronlik Said Xalil Musavi bilan durangga erishdi.

Mukofot jamg‘armasi 108 ming 250 AQSH dollaridan iborat xalqaro turnirning 2-tur o‘yinlaridan keyin 158 nafar shaxmatchining 21 nafari 2 ochko jamg‘argan holda yetakchilikka da’vogarlik qilmoqda. Ular qatorida hamyurtlarimiz Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidov, Muhiddin Madaminov va Bahrom Bahrullayevning ham borligi e’tiborlidir.

Terma jamoamiz a’zosi Nodirbek Abdusattorov hamda 25 nafar shaxmatchi 1,5 ochko bilan g‘oliblikka da’vogarlarni ta’qib qilmoqda. Shuningdek, 61 nafar shaxmatchi hozircha 1 ochkoga ega bo‘lib turibdi. Ular orasida hamyurtlarimiz Abdumalik Abdusalomov va Saidakbar Saidaliyev ham bor.

Bugun, 13 oktyabr kuni xalqaro turnirning 3-turida Shamsiddin Vohidov – Nakamura, Kasdanov – Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev – Muhiddin Madaminov, Robbi Kevlishivili – Jahongir Vohidov, Nodirbek Abdusattorov – Bahrom Bahrullayev o‘rtasidagi uchrashuvlarda yetakchi shaxmatchilarimiz ishtirok etadi.

Ko‘rinib turibdiki, 31 davlatning 158 nafar mahoratli shaxmatchilari qatnashayotgan xalqaro turnirning 3-turida 4 nafar shaxmatchimiz o‘zaro raqobat maydonida duch kelmoqda. Nodirbek Yoqubboyev – Muhiddin Madaminov va Nodirbek Abdusattorov – Bahrom Bahrullayev qarama-qarshiligidagi bahslar ko‘pchilikning e’tibor markazidagi uchrashuv bo‘lsa, Shamsiddin Vohidovning turnirda yetakchilik qilayotgan amerikalik Xikaru Nakamuraga qarshi dona surishi “Qatar Masters Open”ning markaziy “jangi” sifatida talqin etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 9 turdan iborat “Qatar Masters Open” xalqaro turniri 21 oktyabrga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA