Bugun futbol muxlislari jahon va Yevropa chempionatining saralash bosqichi uchrashuvlari va O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlari haqidagi xabarlarga e’tibor qaratishi shubhasiz.

12 oktyabrdan 13 oktyabrga o‘tar kechasi ko‘hna qit’a va okean ortida bir qator terma jamoalar o‘rtasida qiziqarli o‘yinlar bo‘lib o‘tdi. Jumladan jahon chempionati saralashidan o‘rin olgan Argentina – Paragvay bahsida mezbonlar 1:0 hisobida zafar quchdi. O‘yinning 3-daqiqasida Otamendi raqib darvozini aniq nishonga oldi. Bu g‘alabadan so‘ng, Argentina musobaqa jadvalida birinchi o‘ringa chiqib oldi.

Braziliya o‘z maydonida Venesuela bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Uchrashuvda Gabriel hisobni ochgan bo‘lsa, 85-daqiqada Bello hisobni tenglashtirdi. Shu tariqa, Braziliya muhim o‘yinda ochko yo‘qotib, ikkinchi pog‘onaga tushib qoldi. Kolumbiya va Urugvay termalari bahsi 2:2 hisobida yakunlandi.

Ko‘hna qit’ada “Yevro-2024”ning final bosqichi uchun saralash o‘yinlari o‘tkazilmoqda. Unda Xorvatiya o‘z maydonida Turkiyaga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Uchrashuvdagi yagona golga 30-daqiqada Yilmaz mualliflik qildi. Mazkur natija Turkiyaning “D” guruhida 1-o‘ringa chiqib olishiga sabab bo‘ldi. Xorvatiya esa ikkinchi o‘ringa joylashdi.

Ispaniya – Shotlandiya bahsida 2:0 hisobi qayd etildi. Ushbu g‘alabadan so‘ng “qizil furiya” “A” guruhida ikkinchi o‘rinni o‘ziniki qilib oldi. Garchi Shotlandiya mag‘lubiyat alamini totgan bo‘lsa-da, jadvalda peshqadamlik qilmoqda.

“A” guruhida Kipr – Norvegiya o‘zaro raqobatlashdi. O‘yinda Norvegiya terma jamoasi a’zosi Syorlet hisobni ochgan bo‘lsa, Holland dubl qayd etdi. Eursnesning o‘yindagi so‘nggi goli raqib jamoani 0:4 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi. Shunday qilib, Norvegiya 3 ochkoni qo‘lga kiritib, guruhida 3-o‘rinda qoldi.

O‘zbekiston olimpiya va milliy terma jamoasining ham uchrashuvlari o‘zbek muxlislarining e’tiboridan chetda qolmasligi aniq.

Gap shundaki, Xitoyda yig‘in olib borayotgan Srechko Katanets boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugun o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Mazkur bellashuvda milliy terma jamoamiz Vetnamga qarshi raqobatlashadi.

Shuningdek, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Toshkentda Ispaniyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi. Temur Kapadze boshchiligidagi terma jamoamiz o‘yini “Bunyodkor” stadionida soat 19:00da boshlanadi.

Darvoqe, 2024 yilning yanvar-fevral oylarida o‘tkaziladigan Afrika kubogi uchun qur’a tashlandi. Mazkur musobaqada jamoalar 6 ta guruhga bo‘lingan holda ishtirok etadi.

Qur’a natijasi bilan quyida tanishasiz:

  • A guruhi: Kot-d’Ivuar, Nigeriya, Ekvatorial Gvineya, Gvineya-Bisau.
  • B guruhi: Misr, Gana, Kabo-Verde, Mozambik.
  • C guruhi: Senegal, Kamerun, Gvineya, Gambiya.
  • D guruhi: Jazoir, Burkina-Faso, Mavritaniya, Angola.
  • E guruhi: Tunis, Mali, JAR, Namibiya.
  • F guruhi: Marokash, Kongo DR, Zambiya, Tanzaniya.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA