Afsuski, davlat tomonidan kam ta’minlangan va nogironligi borlar, ehtiyojmand qatlam uchun ajratilayotgan mablag‘lar o‘z egalariga risoladagidek yetib boryapti deb bo‘lmaydi.

So‘nggi yillarda ba’zi bir o‘ziga to‘q fuqarolarning ijtimoiy zaif qatlamlarga mo‘ljallangan nafaqalardan foydalanishi holatlari uchrab turibdi. Misol uchun, nafaqa olayotgan shaxslar tomonidan mulk (xonadonlar, avtotransport va boshqalar) xarid qilish holatlari kuzatilmoqda.

Bundan tashqari, mablag‘larga erishish uchun bir qator shaxslar mol mulkini qarindoshlari nomiga o‘tkazib, o‘zini sun’iy ravishda kambag‘allik kriteriyasiga olib kelib, nafaqalardan foydalanayotgan holatlar ko‘zga tashlanmoqda. Vaholanki, ular foydalanayotgan bu mablag‘lar chinakam muhtojlarga yo‘naltirilishi kerak bo‘lgan mablag‘lardir.

Mamlakatimizda ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari YAIM ga nisbatan ikki baravarga oshib, kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi besh barobarga ko‘paydi. Hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar va nogironligi bo‘lgan bolalarning parvarishi bilan band bo‘lganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etildi.

Bularning natijasida bugungi kunda 2,3 milliondan ortiqroq kam ta’minlangan oilalar uchun bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lanmoqda. 2023 yilda ushbu to‘lovlar uchun 12,2 trln. so‘m yo‘naltirilishi belgilangan. Shundan 1,8 trln. so‘mi qo‘shimcha ajratiladi.

Jahon bankining tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2022 yilda ijtimoiy himoya dasturlari doirasida nafaqa olganlarning 5,6 foizi o‘ziga to‘q va 12,5 foizi o‘rta ahvoldagi oilalar ekanligi aniqlangan. Shundan kelib chiqib 2022 yilda jami nafaqa oluvchi oilalarning 18,1 foizi kam ta’minlangan deb topilgan, ammo haqiqatda ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lmagan oilalar (shaxslar) hisoblanadi.

Shu kabi holatlarning oldini olish va ijtimoiy nafaqalarning manzilliligini oshirish hamda uni tayinlashda adolatni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron ko‘rinishda ariza berishni joriy etish to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror bilan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash mezoniga quyidagi o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda:

Birinchidan, nafaqa oluvchilarning daromadi va mol-mulkini har oyda elektron axborot tizimi orqali o‘rganish hamda kam ta’minlanganlik mezonlariga to‘g‘ri kelmaydigan oilalarni reyestrdan chiqarish taklif etilmoqda.

Shuningdek, 2024 yil 1 martdan “mahalla yettiligi” tomonidan joyiga chiqqan holda oilaning nomiga rasmiylashtirilmagan, biroq foydalanuvida bo‘lgan mol-mulklari o‘rganiladi. O‘rganish natijalari dasturga kiritiladi va axborot tizimi tomonidan nafaqa to‘lovini to‘xtatish yoki davom ettirish bo‘yicha avtomatik qaror qabul qilish tizimi joriy etiladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu tizim yangilik emas. Masalan, Turkiyada va Ozarbayjonda nafaqa olish uchun murojaat qilgan oilalar foydalanuvidagi mol-mulk ijtimoiy xodimlar tomonidan xonadonga borib o‘rganiladi. Bundan tashqari, har oyda oilalarning moddiy holati elektron axborot tizimlari orqali tekshirib boriladi.

Bundan kutilayotgan maqsad – mahallada ushbu oilaga nisbatan kam ta’minlangan, biroq nafaqa olmaydigan oilalarning haqli e’tirozlarining oldini oladi. Shu bilan birga, noo‘rin yoki tizimga xatolik sabab kirib qolgan o‘ziga to‘q oilalar aniqlanib, ularning nafaqasi to‘xtatiladi. Ijtimoiy nafaqalar to‘lovining manzilliligi oshadi.

Ikkinchidan, bandlik organlarida maslahat olish uchun murojaat qilgan ishsiz fuqarolar uch oy davomida kasbga o‘qimasa, ishsiz sifatida ro‘yxatga olinmasa hamda mehnat faoliyatini rasmiylashtirmasa, to‘lovni to‘xtatish taklif etilmoqda.

Amaldagi tartibga ko‘ra ijtimoiy nafaqa tayinlash uchun oilaning band bo‘lmagan mehnatga layoqatli a’zosi hududiy bandlik organidan ish izlovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi talab etiladi.

Bunda, bandlik organlariga maslahat uchun ham murojaat qilgan fuqarolarda (224 ming nafar) ijtimoiy nafaqa olish huquqi paydo bo‘lmoqda. Bunday tartib ishsizlarning bandligini ta’minlashda samarasiz bo‘lib, fuqarolar bundan faqat nafaqa olish uchun foydalanmoqda. Bundan kutilayotgan maqsad – ishsiz fuqarolarni ish izlashga rag‘batlantirish, fuqarolarni mehnat faoliyatini rasmiylashtirishga undash va mehnat stajiga va pensiya yoshiga yetganda pensiya olish huquqiga ega bo‘lishini ta’minlash.

Uchinchidan, kredit olgan, xorijda ishlayotgan, tomorqa yoki dehqon xo‘jaligini yuritish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni soliq organlarida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi hamda Davlat personallashtirish markazining elektron ma’lumotiga asosan avtomatik ravishda bandligini aniqlash tartibi joriy etilmoqda.

Bunda, fuqarolarda nafaqa olish uchun “proaktiv” murojaat qilish huquqi paydo bo‘ladi.

Bugungi kunda mahalla raislari tomonidan fuqarolar quyidagi toifalarga tegishli ekanligi belgilanmoqda va shu asosida ularning “band bo‘lgan oilalar” sifatida nafaqa olish huquqi paydo bo‘lmoqda:

– “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida kredit olgan oilalar
(faoliyatini amalga oshirishidan qat’i nazar);

– xorijda ishlashga ketgan shaxslar.

– kadastr agentligi axborot tizimida tomorqa yeri mavjud bo‘lgan (327 ming) oilalar ham (undan foydalanishidan qat’i nazar) band bo‘lgan shaxs sifatida inobatga olinmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, oilaning mehnatga layoqatli a’zolarini mahalla idoralari tomonidan asossiz ravishda “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida band etib ko‘rsatilishi oqibatida 3,4 ming holatda 4,7 mlrd. so‘mlik nafaqalar noto‘g‘ri tayinlangan.

Bundan kutilayotgan maqsad – fuqarolar bandligini belgilashda inson omilini bartaraf etish.

To‘rtinchidan, oila a’zosi nogiron bo‘lmagan to‘rt va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan farzandi bo‘lgan oilaning mehnatga layoqatli a’zolariga rasman band bo‘lish talabi joriy etilmoqda.

Amaldagi tartibga ko‘ra, to‘rt va undan ortiq bolasi bor oilalar uchun band bo‘lish talabi tatbiq etilmasdan, nafaqa olishi mumkin.

Beshinchidan, egaligida yengil avtotransport vositasining ishlab chiqarilgan muddati 12 yilgacha bo‘lgan oilalarga nafaqa olishga cheklov belgilanmoqda.

Bunda, oila a’zosi nogiron bo‘lsa, amaldagi tartib, ya’ni 7 yillik chegara saqlab qolinadi.

Misol uchun amaldagi tartibga ko‘ra, egaligida ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshmagan yengil avtotransport vositasi (yoki 15 yildan oshmagan yuk avtotransporti) bo‘lgan oilalarga nafaqa tayinlash rad etiladi.

Har oyda ishlab chiqarish sanasi 7 yildan 12 yilgacha yengil avtomashinasi bo‘lgan o‘rtacha 6,5 ming oilaga nafaqa tayinlanmoqda. Bularning ichida 2008 yildan keyin ishlab chiqarilgan Malibu, Orlando, Kaptiva, Lasetti va boshqa rusumdagi xorijiy avtomashina egalari mavjudligi aniqlanmoqda.

Shu bilan birga, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy nafaqalar bilan qamrab olishning manzilliligini oshirish maqsadida oilaning ruhiy kasalliklar dispanseri ro‘yxatidagi a’zosiga mehnat organida ishsiz sifatida ro‘yxatda turish talabi bekor qilinmoqda.

Bundan rasman nikohi bekor qilinmagan holda, sud qaroriga asosan aliment to‘lab turgan erining daromadini nafaqa tayinlashda hisobga olmaslik belgilanmoqda.

Mazkur qarorning ijobiy natijasi sifatida nafaqa oluvchi oilalar soni 2023 yil yakuniga qadar 190 mingga (108,4 mlrd. so‘m) hamda 2024 yil yakuniga qadar 598 mingga (2,9 trln. so‘m) kamayadi.

Bu degani ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning sonini kamaytirib, ularga berilayotgan moddiy yordamni qisqartirish emas, balki davlat tomonidan berilayotgan nafaqalarni adolat tamoyili bilan taqsimlanishi va ushbu toifaga kirmaydigan fuqarolarning vijdonsiz xatti-harakatlarining oldini olishga qaratilgan.

Hozirgi kunda ijtimoiy boqimandalik (qaramlik) muammosi ijtimoiy davlat konsepsiyasini amalga oshirishda yuzaga keladigan eng dolzarb muammolardan biridir.

Misol tariqasida bir qator rivojlangan davlatlarda amalga oshirilgan ijtimoiy siyosat natijasida ijtimoiy boqimandalik tendensiyasi paydo bo‘lib, ulg‘ayib kelayotgan yoshlar orasida ishlamaslik va “tekin tomoq” uslubida hayot kechirish holatlari paydo bo‘lib qolganini kuzatish mumkin. Mazkur salbiy holatlarning oldini olish maqsadida ekspertlar ijtimoiy nafaqalar faqatgina qiyinchilikka tushib qolgan va kambag‘al deb tan olingan fuqarolar qatlamiga berilishini, ya’ni maqsadli yo‘naltirilishini nazoratga olish taklifini ilgari surmoqda.

Shularni inobatga olgan holda mazkur qaror nafaqalarni tayinlashning mezonlari takomillashtirilib, boqimandalikning oldini olish va manzilli yordam ko‘rsatishga qaratilgan.

O‘zA