O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari B.Valiyev boshchiligidagi ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, aholi bandligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish holatini o‘rganmoqda.

Ishchi guruh dastlab O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida tashkil etilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi huzuridagi Tadbirkorlik va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha shtab faoliyati hamda amalga oshirilgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Shundan so‘ng Chimboy tumanidagi “Kokshiqala” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tumanda davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mahalla hududida ichimlik suvini yaxshilash borasida rejalashtirilayotgan loyihalar o‘rganilib, tegishli ko‘rsatmalar berildi. “Mahalla beshligi” faoliyati bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

Ishchi guruh, shuningdek, Taxtako‘pir tumanidagi “Taxtako‘pir” ovul fuqarolar yig‘inida jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarining yo‘lga qo‘yilishi holatini o‘rganib, Taxtako‘pir, Qorao‘zak tumanlari hamda Nukus shahrida Ichki ishlar bo‘limlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar bo‘limlari shaxsiy tarkibi, mahallalardagi yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari ishtirokida xizmat oldi yo‘riqnomasi o‘tkazildi. “Qizil” toifaga kiritilgan mahallalarda ishlarni to‘g‘ri tashkil etish, jamoat joylari, xiyobonlar, markaziy ko‘chalarda jinoyatlar va huquqbuzarliklar sodir etilishi, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan tegishli topshiriqlar berildi.

Amudaryo hamda Qo‘ng‘irot tumanlaridagi “qizil” toifaga tushgan hududlarda “mahalla beshligi”ning “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida amalga oshirayotgan ishlari holati o‘rganildi. Shuningdek, “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Taxiatosh issiqlik elektr stansiyaning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, “BITCOIN” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti, issiqlik elektr stansiyasi chiqindi suvlarini qayta ishlash, ya’ni qishloq xo‘jaligida o‘g‘it sifatida foydalaniladigan xlorella, ryaska yetishtirish jarayonlari bilan tanishildi.

Xo‘jayli tumanida joylashgan “MIDASIATEX CLUSTER” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish”, “KARBALT RUTOIL” mas’uliyati cheklangan jamiyatining “Neftni qayta ishlashni tashkil etish” mavzusida rejalashtirilayotgan ishlari loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

Ishchi guruh Nukus shahridagi onalar va bolalar uchun “Shayx Xalifa” nomidagi shifoxona qurilishi ishlari, “Nukuselektroapparat” MCHJda quyosh panellarini ishlab chiqarish hamda “NUKUS SSP TEXNOPARK” MCHJda aralash ip-kalava hamda tayyor tikuv mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari, “Nukus Textile” MCHJda ip-kalava ishlab chiqarish jarayoni, Nukus savdo majmuasida tadbirkorlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Kriminogen vaziyati bo‘yicha “qizil” toifaga kirgan “Altin jag‘is”, “G‘arezsizlik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, “mahalla beshligi” tomonidan “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida ishlarni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha zaruriy tavsiyalar berildi. Shuningdek, Nukus shahridagi Markaziy dehqon bozoridagi tungi profilaktik faoliyat ahvoli o‘rganildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri