Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 11 oktyabr – Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan “Qizlar – millat kelajagi” shiori ostida “Sening tashabbusing – sening kelajaging uchun” mavzusida forum o‘tkazildi.

Tadbirda universitetning yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori S.Alauatdinov, universitet rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi I.Seytnazarova xotin-qizlar kengashi faoliyati, shuningdek, faol talaba qizlarning yutuqlari haqida so‘z yuritdi.

Ta’kidlanganidek, forumni o‘tkazishdan asosiy maqsad talaba qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning kiyinish va nutq madaniyatini oshirish, yoshlar ongini yot g‘oyalardan va illatlardan asrash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularni turmushga tayyorlashdir.

Ishtirokchilar oliy o‘quv yurtida ta’lim olayotgan ziyrak, iqtidorli va iste’dodli qizlarning qo‘l mehnati yordamida yasagan buyumlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Tadbir davomida o‘qishda va jamoat ishlarida tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan qizlarning yutuqlari haqida so‘z yuritilib, ularning ota-onalariga oliy o‘quv yurti ma’muriyati tomonidan tashakkurnomalar topshirildi. O‘z navbatida, ota-onalar talaba yoshlarning ta’lim olishi, o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni e’tirof etib, o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Forumda universitet yoshlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri