Ikki kunlik seminarda tikuvchilik, kashtachilik va xalq hunarmandchiligi o‘rgatildi.

Qator tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar ijrochisi – BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmuniga xos faoliyat yurityapti. Tuzilma tomonidan ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslar, ayniqsa, xalqaro ekspertlar diqqat markazida ekani quvonarli. Gender tengligini ta’minlash va qishloq ayollari imkoniyatini kengaytirish FAO siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Qoraqalpog‘istonning Kegeyli va Qorao‘zak tumanlari – qishloq joylarda muqobil daromad manbai sifatida xotin-qizlar va yoshlarga tikuvchilik, kashtachilik va xalq hunarmandchiligini o‘rgatish bo‘yicha tashkil etilgan ikki kunlik trening fikrlarimizni tasdiqlaydi.

FAO tadbirda qatnashgan to‘qsonga yaqin ayoldan o‘ttiz nafariga tikuv mashinalari topshirgan. Bu daromadni oshirish uchun muhim vosita. Taqdim etilgan texnologiya yordamida, eng avvalo, bilim va ko‘nikma olish, shuningdek, mashhur Qoraqalpoq milliy kashtasi bilan kiyim-kechaklar tikish mumkin.

Qayd etish joiz, mashg‘ulot BMT Taraqqiyot dasturi va BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Orolbo‘yi hududini yashil va innovatsion rivojlantirish orqali yoshlarning yorqin kelajak sari huquq va imkoniyatini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.

Mazkur tashabbus BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi trast fondi tomonidan moliyalashtiriladi. Maqsad esa innovatsiyalar va yashil rivojlanish asosida mahalliy hamjamiyat bandligi uchun yanada yaxshi imkoniyat yaratish va ularning Orol dengizi inqirozi oqibatlariga moslashish salohiyatini oshirishdir.

– Fikrimizcha, aholining zaif qatlamini, ayniqsa, ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilash juda muhim, – dedi FAOning Markaziy Osiyo bo‘yicha submintaqaviy vakolatxonasi tabiiy resurslar bo‘yicha mutaxassisi, loyihaning texnik koordinatori Ivetta Zenina. – Zero, Orolbo‘yi mintaqasi iqlim o‘zgarishi va tabiiy resurslar degradatsiyasining salbiy ta’siriga ko‘proq moyilligi barchaga ma’lum. Bugungi treningdan tashqari, yaqinda suv tejaydigan texnologiyalar, barqaror qishloq xo‘jaligi, elektron tijorat va yashil moliyalashtirish bo‘yicha bir qator tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirganmiz.

Anjuman davomida Qoraqalpoq xalqi boy madaniyati, qadimiy tarixi va chuqur ma’nosini saqlaydigan an’anaviy kashtachilik, milliy kiyimlarning o‘ziga xos xususiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Qadimgi Qoraqalpoq kashtasi qizil rangning ustunligi bilan bir-biridan keskin farq qiluvchi iplardan yig‘ilgan bezakning kichik elementlarini birlashtirgan.

Bugungi kunda xalq an’analari asosida yaratilgan hunarmandchilik mahsulotlariga, ayniqsa, sayyohlar o‘rtasida talab katta. Zero, ular xalqning o‘zligini, avlodlar davomiyligini namoyon etadi. Ikki kunlik maxorat darslarida ishtirokchilarga milliy kashtachilikning turli usullari ham o‘rgatildi.

Nazariy va amaliy qismlarga bo‘lingan mashg‘ulotlar chog‘ida nafaqat mahsulot ishlab chiqarish, balki uni sotish xususiyatiga ham urg‘u berildi. Ya’ni marketing asoslari bo‘yicha darslar o‘tildi, ishtirokchilarga mahsulotni qanday qilib muvaffaqiyatli sotish va ma’lum bir maqsadli auditoriyaga e’tibor qaratib, foyda olish yo‘llari tushuntirildi. Gender tenglik mavzusiga bag‘ishlangan taqdimotda esa erkaklar va ayollar uchun barcha sohada, jumladan, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, kichik biznes va tadbirkorlikda teng sharoit, huquq va imkoniyatlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA