Fransiyaning eng nufuzli axborot agentligi “France Press” o‘z sahifalarida O‘zbekiston sporti, xususan kurash to‘g‘risidagi tahliliy maqolani chop etdi. “Kurash harakati! Yangi sportchilar va muxlislar Osiyo o‘yinlarida qadimiy jang san’ati bilan tanishtirilmoqda” deb nomlangan materialda Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan XIX Osiyo o‘yinlarida O‘zbek sporti – kurash bo‘yicha musobaqalar, nafaqat xalqaro sport vakillari, balki dunyo jamoatchiligining diqqat markazida bo‘lgani ta’kidlangan.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi xabariga ko‘ra, Xanchjou – 2022 o‘yinlari davomida kurash bo‘yicha o‘tkazilgan uch kunlik bellashuvlar 100 dan ortiq teleradiokanallar, mingdan ortiq internet nashrlari va boshqa ko‘plab ommaviy axborot vositalarida namoyish etildi.

Monitoring tahliliga ko‘ra, dunyoning 50 dan ortiq davlatida ikki milliardga yaqin odam kurash yangiliklaridan va u orqali O‘zbekiston sportining yangiliklaridan xabardor bo‘lgan.

Ayni holatlar davlatimiz rahbari tomonidan milliy sportimiz kurashni rivojlantirish, uni jahon durdonasiga aylantirish borasida qabul qilingan qarorlar ijrosi samarali kechayotganligini anglatmoqda.

T.Ro‘ziyev, O‘zA