O‘n yillik tarixga ega “Qatar Masters Open” xalqaro turniri shaxmat bo‘yicha dunyodagi eng yirik musobaqalardan biri sanaladi. Mazkur nufuzli musobaqada FIDE reytingida 2300 baldan yuqori natijaga erishgan shaxmatchilar ishtirok eta olish huquqiga ega.

Mukofot jamg‘armasi 108 ming 250 AQSH dollarini tashkil etgan bu galgi “Qatar Masters Open” bahslarida 31 mamlakatning 160 nafar mahoratli shaxmatchisi g‘oliblik uchun dona surishga hozirlik ko‘rmoqda. Turnirning asosiy bahslarida yurtimiz shaxmatchilaridan Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov bilan birgalikda yana 9 nafar yosh shaxmatchilarimiz ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.

Musobaqalar 11-21 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘yinlar 9 turdan iborat bo‘lib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 25 ming, 2-o‘rin sohibi 15 ming va uchinchi o‘ringa ega chiqqan sportchi 10 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.

Aytish lozimki, mazkur nufuzli musobaqa doirasida ayollar va o‘smirlar o‘rtasida alohida turnirlar o‘tkazilishi belgilangan.

O‘ninchi bor tashkil etilayotgan “Qatar Masters Open” xalqaro turnirida dunyoning eng kuchli shaxmatchilari bo‘lgan Magnus Karlsen, Jorden van Forest, Hikaru Nakamura, Anish Giri va Gukesh Dommaraju va boshqalar qatnashmoqda.

T.Ro‘ziyev, O‘zA