Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Ijroiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi joriy yil 12-14-oktyabr kunlari Hindistoning Mumbay shahrida bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan XOQ prezidenti Tomas Bax Hindistonga keldi.
Anjuman davomida 2036 yilgi yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini qabul qiluvchi davlatlar nomzodi ko‘rib chiqiladi.
Mahalliy jurnalistlar bilan muloqotda Bax da’vogar 10 davlat orasida Hindistonning imkoniyati yuqoriroq ekanini bildirgan.
Sessiyada qo‘mitaning yangi a’zolari saylanadi, ayrim amaldagi a’zolar muddati to‘rt yilga uzaytiriladi.
Xalqaro stol tennisi federatsiyasi va Xalqaro konkida uchish ittifoqi prezidentlari shvetsiyalik Petra Serling va janubiy koreyalik Kim Chje Yol, isroillik Yael Arad, vengriyalik Balaz Fyuri, Sesiliya Roksana Tayt, perulik Villakorta, germaniyalik Maykl Mrons va Tunis Olimpiya qo‘mitasi rahbari Mehri Bussain a’zo sifatida tasdiqlanishi kutilyapti.
Yana yetti a’zo qayta saylanishi ehtimoli yuqori. Bular Monako shahzodasi Albert II, ukrainalik Valeriy Borzov, shvetsiyalik Gunilla Lindberg, pokistonlik Sayid Shahid Ali, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Ijroiya kengash a’zolari marokashlik Naval Al-Mutavakkil va serbiyalik Nenad Lalovich.
Mumbaydagi yig‘ilish davomida 2028 yil Los-Anjelesda o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari dasturidan joy oladigan sport turlari masalasi ham muhokama qilinadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA