O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari turli yo‘nalishlarda rivojlanmoqda. “Yevropa Ittifoqi – O‘zbekiston” parlament hamkorligi qo‘mitasi doirasida tashkil etilayotgan samarali muloqotlar parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim mexanizm bo‘ldi.
Bu Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala uchrashuvida e’tirof etildi.
Muloqot asnosida savdo-iqtisodiy, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
2024 yil uchun Oliy Majlis Senati va Yevropa parlamenti o‘rtasida amaliy chora-tadbirlarning alohida rejasini ishlab chiqish va qabul qilish taklifi ilgari surildi.
Suhbat davomida iqtisodiy hamkorlik masalalariga asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida e’tibor qaratildi. Ayni paytda savdo aylanmasi barqaror o‘sishda davom etmoqda. Yil boshidan buyon bu boradagi ko‘rsatkich 35 foizga oshdi. Yevropaning yetakchi kompaniyalari bilan yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. “GSP+” rejimi sifatli o‘zbek mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilishning rag‘batlantiruvchi omiliga aylandi. Shu nuqtai nazardan mazkur rejimni yangi muddatga uzaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Mintaqaviy darajada yo‘lga qo‘yilgan muloqot, xususan, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” hamkorlik formati munosabatlarni yanada rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim platformaga aylangani qayd etildi.
Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqoti va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish masalasi muhokama qilindi. Bunda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi bilan hamkorlikda Bryusselda o‘tkazilishi rejalashtirilgan muloqotning navbatdagi yig‘ilishi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Mazkur tadbir gender tenglik, ayollar huquq va manfaatlarini ilgari surish kabi yo‘nalishlarda Yevropa Ittifoqining tajribasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berishi bilan birga, hamkorlikning yangi bosqichiga turtki vazifasini o‘taydi.
Uchrashuv yakunida ko‘p qirrali hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish, o‘zaro muloqotlar izchilligini ta’minlashga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA