Qonunchilikka ko‘ra, mamlakatimizda nogironlik yoshdan qat’i nazar belgilanadi. Shaxs nogiron deb e’tirof etilganida, mehnatga layoqatlilikning buzilishi darajasidan kelib chiqqan holda, nogironlikning birinchi, ikkinchi, uchinchi guruhlari belgilanadi.

I guruh nogironligi mehnat qilish qobiliyatini butunlay yo‘qotgan va o‘zgalarning yordamiga, parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarga, II guruh nogironligi mehnat qilish qobiliyatini butunlay yo‘qotgan, lekin o‘zgalar yordamiga, parvarishiga muhtoj bo‘lmagan shaxslarga belgilanadi. III guruh nogironligi esa mehnat qilish qobiliyatini qisman yo‘qotgan shaxslarga belgilanadi.

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2023 yil 1 yanvardan boshlab I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga pensiya tayinlanganidan keyin kamida 1 yillik ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda, ish staji va ish haqlarini inobatga olgan holda har ikki yilda bir marotaba qayta hisoblab chiqilmoqda. Shuningdek, joriy yil 1 yanvardan Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yiliga qo‘shimcha ravishda o‘rtacha 275 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Pensiya tayinlash uchun yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasining bo‘limlariga, ishlayotganlar tashkilot ma’muriyati orqali, dehqon xo‘jaliklari a’zolari, yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Ishlamaydigan fuqarolar arizani mustaqil o‘zlari yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beradi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan joriy yilning oktyabr oyi to‘lov ro‘yxatlariga kiritilgan 4,5 million nafar pensiya va nafaqa oluvchilar uchun talab etilgan mablag‘lar 5 oktyabr kuniga qadar tijorat banklariga to‘liq moliyalashtirilib berilgan. O‘z navbatida 4 oktyabr kuniga qadar pensiya va nafaqa to‘lovlarini naqd pulsiz shaklda oluvchi 3,3 million nafar fuqarolarning bank kartalariga mablag‘lar to‘liq yuklab berilishi ta’minlangan.

Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq, pensiya va nafaqa pullarini naqd shaklda oluvchilarga joriy oy to‘lovlari tasdiqlangan grafiklarga asosan Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan yetkazib beriladi.

Muhayyo Toshqorayeva tayyorladi, 
O‘zA