Joriy yilning 7 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi Qoraqalpog‘iston aholi punktidan 15 kilometr masofada joylashgan gaz o‘lchov stansiyasida o‘zaro hamkor 3 ta mamlakat soha vakillari ishtirokida Qoraqalpog‘iston shaharchasi – Atыrau shahri – Sankt-Peterburg – Moskva shaharlarida o‘tkaziladigan teleko‘prikda Rossiya gazini qabul qilib olishga start berildi.
Davlatimiz rahbarining Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi doirasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish kabi dolzarb masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan birgalikda Rossiyadan Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazishga start berilishi tarixiy voqea bo‘ldi. Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi gaz o‘lchov stansiyasida tashkil etilgan tadbirda senatorlar, deputatlar, nuroniylar, yoshlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Mazkur tarixiy voqeaga bag‘ishlanib, Qo‘ng‘irot tumanidagi Qoraqalpog‘iston shaharcha fuqarolar yig‘ini Madaniyat saroyida san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, joriy yilning 14-17 iyun kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida O‘zbekistonga Rossiya gazini yetkazib berish bo‘yicha davlatlararo shartnoma imzolangan edi. Unda 2023-2025 yillar davomida Rossiya gazini O‘zbekistonga import qilish ko‘zda tutilgan. Forumda shuningdek, import gazni qabul qilish va tashish uchun respublika gaz uzatish tizimini tayyorlash bo‘yicha “O‘ztransgaz” AJ va “Gazprom” OAJ o‘rtasida “Yo‘l xaritasi” imzolangandi.
Reja doirasida gaz o‘lchov stansiyasini qurish, “Xiva-Beyneu”, “Buxoro-Ural” va “Gazli-Nukus” magistral gaz quvurlaridagi nuqsonli qismlarni bartaraf etish, “Buxoro-Ural” magistral gaz quvurining 22 kilometr uzunlikdagi yangi tarmog‘ini qurish, “Qoraqalpog‘iston” kompressor stansiyasi D sexidagi 3 ta gaz haydash agregatining ish qobiliyatini tiklash, elektr mobil stansiyalarni ta’mirlash, magistral gaz quvurlaridagi berkitish moslamalarining germetik holatini tiklash, dizel generator hamda akkumulyatorlar xarid qilish ishlari ko‘zda tutilgan. O‘tgan davr mobaynida mutaxassislar tomonidan o‘rganish, loyihalashtirish, qurilish ishlari bajarildi.
Xususan, “Xiva-Beyneu” magistral gaz quvurining 307 kilometrida qariyb bir gektarni egallagan gaz o‘lchov stansiyasi qurib bitkazildi. Qozog‘iston orqali import qilinadigan tabiiy gaz shu stansiyada o‘lchanadi va sifati tekshirib boriladi. Bir sutkada qariyb 8 mln metr kub tabiiy gazni o‘lchab o‘tkazayotgan stansiya zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Zamonaviy qurilmalar tabiiy gaz o‘lchovini aniq va ishonchli olib boradi. Bu yerda shuningdek, zamonaviy talablarga javob beradigan operatorlar xonasi ham qad rostlagan. “Qoraqalpog‘iston” kompressor stansiyasidagi gaz sifati nazorati tahliliy kimyo laboratoriyasi attestatsiyadan o‘tkazildi. Binosi ta’mirlanib, zamonaviy uskuna va anjomlar bilan jihozlandi. Va nihoyat, O‘zbekiston magistral gaz quvurlari tarmog‘i import qilinadigan tabiiy gazni qabul qilib olishga tayyor. Ayni jarayon uchun rejalashtirilgan barcha qurilish, rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari o‘z vaqtida amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbarining Rossiyaga mazkur tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib qoladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari