O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiallari tomonidan 2023 yilning 9 oyi davomida profilaktik tadbirlar, eksport, investitsiya loyihalari, “GSP+” tizimi doirasida hamda metrologik xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni aholiga yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Dastlab tadbir ishtirokchilariga sohaga oid qabul qilingan qonun va qonunosti hujjatlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonunlari, davlatimiz rahbarining 2021 yil 2 iyundagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlash va metrologiya sohalarida tarkibiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sohani xalqaro andozalarga moslashtirish, standartlardan keng foydalanish muhitini yaratish, muvofiqlikni baholash jarayonlariga zamonaviy uslublarni joriy qilish borasidagi ishlar tanishtirildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Davlat nazorati departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan korxonalarda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalarida qonunbuzilishi holatlarining oldini olish, mavjud hollarda ularni bartaraf etish hamda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalarida yangi qabul qilingan qonun va qonunosti hujjatlarini tushuntirish ishlari bo‘yicha 9 oy davomida 222 ta korxonada profilaktika ishlari o‘tkazildi. “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan “GSP+” tizimi va investitsiya loyihalari bo‘yicha sohaga oid masalalar bo‘yicha mahalliy eksportyor va eksport salohiyatiga ega korxonalarga amaliy yordam, konsultativ xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha tizimli ishlari olib borilmoqda. “GSP+” imtiyozlari doirasiga kiruvchi agentlik tomonidan 54 ta mahsulot turi bo‘yicha tayyorlangan qo‘llanma hududdagi 32 ta eksportyor hamda ishlab chiqaruvchi korxonaga yetkazildi.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 174 ta mahalliy eksportyor korxona faoliyat yuritib, shundan joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida 118 ta eksportyor korxona tomonidan 71,2 million AQSH dollari miqdorida 120 turdagi mahsulot eksport qilindi. Hududdagi 5 ta mahalliy eksportyor korxona 3,95 million AQSH dollari miqdoridagi 5 turdagi mahsulotini “GSP+” tizimi doirasida Yevropa Ittifoqining Estoniya, Germaniya, Fransiya, Italiya davlatlariga jo‘natdi. Shuningdek, ushbu tizim doirasida 17 ta korxona 6,1 million AQSH dollari miqdorida 14 turdagi to‘qimachilik va meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiya hamda Ukraina davlatiga eksport qildi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tasdiqlangan tarmoq jadvaliga asosan, 78 ta ishlab chiqaruvchi va mahalliy eksportyor korxonada xalqaro standartlarni joriy etish belgilangan. Xalqaro standartlarni joriy etish va sertifikatlashtirish bo‘yicha hududdagi shahar va tumanlardagi har bir korxonaga “UzTest” hamda “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiallari malakali mutaxassislari biriktirildi. Ushbu biriktirilgan mutaxassislar tomonidan tarmoq jadvaliga kiritilgan korxonalarga xalqaro standartlarni joriy etish va sertifikatlashtirish bo‘yicha amaliy yordam, konsultativ xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Bugungi kunga qadar tarmoq jadvaliga kiritilgan 48 ta korxonadan 13 ta korxonaga ISO 9001, ISO 22000, ISO 14001 va ISO 45001 xalqaro standartlari asosida menejment tizimlari joriy etilib, sertifikatlashtirildi.
Metrologik xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish maqsadida joriy yilda qiyoslash yo‘nalishida 3 ta o‘lchash turlari bo‘yicha akkreditatsiya doirasi kengaytirildi. Hududdagi sanoat va ishlab chiqarish korxonalarining 9848 ta qiyoslash, 13 ta metrologik attestatlash, 22 ta kalibrlash, jami 9883 ta o‘lchash vositasi metrologik tekshiruvdan o‘tkazildi. Shuningdek, tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida maxsus logistika xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha 22 ta tashkilotning 389 ta o‘lchash va sinov vositalarini metrologik tekshiruv ishlari amalga oshirildi. “Ye-Metrologiya” axborot tizimi orqali 1124 ta arizaga asosan metrologik xizmat ko‘rsatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida” qarori bo‘yicha filialning mavjud metrologik infratuzilmasini yanada takomillashtirish va xalqaro darajada kalibrlash laboratoriyalarini tashkil qilish maqsadida qurilish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 avgustdagi “Yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy yil boshidan 5728 ta yuridik va jismoniy shaxsning elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini qiyoslashdan o‘tkazish ishlari amalga oshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2023 yilda Hududiy investitsiya dasturi doirasida amalga oshiriladigan 957 ta investitsiya loyihasidan 237 ta ishlab chiqaruvchi va sanoat korxonasi tahlil qilinib, belgilab olindi. Soha yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy yordam va konsultativ xizmat ko‘rsatish uchun “UzTest” hamda “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiallari qo‘shma bo‘yrug‘i bilan 19 nafar xodim shahar va tumanlarga biriktirildi. Ular tomonidan bugungi kunga qadar jami 180 ta, shu jumladan, standartlashtirish sohasida 105 ta, sertifikatlashtirish sohasida 24 ta, SMK sohasida 19 ta, 2 ta metrologiya, 2 ta qadoqlash, boshqa 9 ta ishlab chiqaruvchi sanoat va eksportyor korxonaga soha yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy yordam va konsultativ xizmat ko‘rsatildi.
Tadbir ishtirokchilari “UzTest” hamda “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiallari laboratoriyalari, Nukus tumanidagi “Nukus Agro Fish Klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur korxona bugungi kunda ichki bozorlarni arzon va sifatli baliq mahsulotlari bilan ta’minlab qolmasdan, xorijga ham eksport qilishni rejalashtirgan. Bu borada O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi Davlat nazorati departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, “UzTest” hamda “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat muassasalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiallari bilan hamkorlik ijobiy samarasini bermoqda.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari.