Chimboylik haykaltarosh Dariboy Tojimuratovni nafaqat Qoraqalpog‘iston, balki Markaziy Osiyoda san’at ahli mohir ijodkor sifatida yaxshi taniydi.

Ijodkorning yog‘och, gips, beton, alebastr va keramika materiallarida ishlangan jozibali, chuqur mazmunga ega haykaltaroshlik asarlari ko‘pchilik e’tiborini qozongan. «Ona va bola», «Yoshlik», «Qoraqalpoq kelini», «Chol va kampir», «Tulporlar», «Sao‘kele», «Yosh jirov», «Quyoshning chiqishi» kabi ijod namunalari shular jumlasidandir. Ushbu asarlarda yaratilgan obrazlar orqali muallif san’at ixlosmandlarini qoraqalpoq xalqining boy tarixi, etnografiyasi, ajdodlardan qolgan bebaho merosi, shuningdek, o‘lkaning ajoyib tabiati va o‘ziga xosligi bilan yaqindan tanishtira olgan.

 

D.Tojimuratov 1990 yildan buyon O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi. Uning asarlari O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limida tashkil etilgan qator ko‘rgazmalardan o‘rin olgan. Shuningdek, haykaltarosh mamlakat miqyosidagi hamda xorijiy davlatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va festivallarda faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya, Vengriya, Germaniya, Polsha, Bolgariya, Vetnam, Kuba kabi davlatlarida tashkil etilgan ko‘rgazmalarda ijodkorning haykaltaroshlik ishlari namoyish etilgan.

Dariboy Tojimuratov 2021 yilda «Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

O‘zA fotomuxbiri
Maqsad Habibullayev olgan suratlar