Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi B.Norqobilov rahbarligidagi delegatsiya Germaniyada bo‘lib turibdi.
Ushbu tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, yirik loyihalarni amalga oshirish va chorvachilik sohasida o‘zaro tajriba almashish orqali soha rivojida yangi g‘oyalarni joriy etishdir. Delegatsiya a’zolari tarkibida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali direktori Adilbay Yesimbetov ham bor.
Tashrif doirasida Vayenshtefan-Trizdorf amaliy fanlar universiteti (HSWT)da olib borilgan muzokaralar natijasida yurtimizning bir qancha oliy o‘quv yurtlari, shu jumladan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali hamda mazkur universitet o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Undan ko‘zlangan maqsad o‘quv muassasalari o‘rtasida ilmiy aloqalarini o‘rnatish, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, hamkorlikda foydali loyihalarni amalga oshirish, ta’lim sifatini yanada oshirish, ilmiy tadqiqot sohasida hamkorlik mexanizmini yo‘lga qo‘yishdir.
– Ushbu hamkorlik doirasida ta’lim yo‘nalishida yangi bir bosqichga qadam qo‘yildi deb o‘ylayman, – deydi filial direktori A.Yesimbetov. – Talaba-yoshlarga o‘quv dasturining noyob kombinatsiyasini taklif etadigan mazkur oliy o‘quv yurti tajribasini o‘rganish albatta o‘zining ijobiy samara berishiga ishonamiz.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri