Poytaxtimizda FIFA tadbirlari doirasida turkiy davlatlar futbol vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikasi, Turkiya, Vengriya, Ozarbayjon va Qozog‘iston futbol assotsiatsiyalari mutasaddilari qatori OFK va UEFA vakillari ham qatnashgan anjuman ochiq va konstruktiv ruhda kechdi.
Futbol bo‘yicha mutaxassislar, murabbiylar, hakamlar tayyorlash va o‘zaro tajriba almashish, futbol assotsiatsiyalari o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi qator masalalar xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Muloqot davomida futbolni rivojlantirish va ommalashtirish, milliy terma jamoalar va klublar o‘rtasida xalqaro musobaqalarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston xalqaro futbol harakatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan mamlakatlardan biriga aylanib borayotgani e’tirof etildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA