Futbol bo‘yicha mamlakatimiz Superligasida bugun, 5 oktyabr kuni 21-tur o‘yinlari boshlanadi. Ushbu turda faqatgina “Surxon” – “Olimpik” o‘rtasidagi uchrashuv noyabr oyiga qoldirilgani bois, 6 ta juftlik bahslarini kuzatamiz.
Bugun “Turon” hamda “Metallurg” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin mahalliy vaqt bilan soat 18:30da boshlanadi. Mazkur bahsda mezbonlar faqatgina g‘alaba uchun maydonga tushadi. Sababi, “Turon” 12 ochko bilan liga jadvalining so‘nggi pog‘onasida bormoqda. Biroq jamoa bitta o‘yin kam o‘tkazganini inobatga olsak, hali Superligada qolish imkoniyati bor.
6 oktyabr kuni “Qizilqum” jamoasi safarda “Bunyodkor”ga qarshi maydonga tushadi. Garchi poytaxt klubi medallarga asosiy da’vogar bo‘lmasada, o‘z uyida o‘tgan turdagi kabi muxlislari oldida mag‘lub bo‘lishni xohlamaydi. Raqib esa “Turon” va “Buxoro” kabi Superligada qolish uchun bor e’tiborini g‘alabaga qaratishi aniq.
Superliganing 7 oktyabr kungi dasturidan “OKMK” – “So‘g‘diyona”, “Nasaf” – “Neftchi” uchrashuvlari o‘rin olgan.
Turning markaziy uchrashuvi maqomida o‘tadigan mazkur o‘yinga futbol muxlislarining qiziqishi o‘zgacha. Osiyo chempionlar ligasidagi ketma-ket mag‘lubiyatlar “OKMK” jamoasi a’zolarining kayfiyatini tushirdi. Shuningdek, jamoa liga bahslarida ham qariyb ikki oydan beri uch ochkoni qo‘lga kirita olmayapti. Shu sababdan ham Superliga bahslarida g‘alaba qozonishi zarur. “So‘g‘diyona” esa o‘tgan uch tur mobaynida g‘oliblik lazzatini totgani yo‘q. Ikki jamoa ham g‘alaba ishtiyoqida yonmoqda.
“Nasaf” hozirda o‘zining eng yuqori darajasidagi o‘yinlarini o‘tkazmoqda. Qarshiliklar OCHL guruh bosqichida ikkita g‘alaba bilan peshqadam bo‘lib turibdi. Qolaversa, Superligada medallarni qo‘lga kiritishga “Neftchi”ning asosiy ta’qibchisi bo‘lib turibdi. “Neftchi” ham osongina taslim bo‘ladigan jamoa emas. So‘nggi turda “Buxoro”ni 3:0 hisobida yenggani va chempionlik uchun kurashni davom ettirayotgani sababli, Qarshidagi o‘yin keskin va murosasiz o‘tadi deya olamiz.
Superliga bahslari 21-turiga 8 oktyabr kuni “Andijon” – “Paxtakor” va “Buxoro” – “Navbahor” uchrashuvlari yakun yasab beradi.
Xalqaro maydondagi o‘yinlarda o‘yini o‘xshamayotgani, bu ikki azaliy raqib jamoalar Toshkentdagi bahsda 1:1 hisobida durang o‘ynagani va “sherlar” musobaqa jadvalida peshqadam bo‘lsa-da, asosiy ta’qibchilari tobora yaqinlashayotgani poytaxt klubi muxlislari e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun ham “Paxtakor” Andijonga faqat g‘alaba uchun boradi.
“Navbahor” hozirda chempionlik uchun asosiy da’vogar. “Buxoro” esa oxirgi pog‘onalarda bormoqda. Tabiiyki, har ikki jamoa uchun ochkolar muhim. Shu sababli, urashuv qiziqarli o‘tishi shubhasiz.
Eslatib o‘tamiz, 20-turdan so‘ng jadvalda “Paxtakor” 43 ochko bilan karvonboshilik qilmoqda. “Navbahor” va “Neftchi” 37 ochko bilan kuchli uchlikdan o‘rin olgan. Biroq farg‘onaliklarda bir o‘yin kam. “Nasaf” esa 36 ochko jamg‘argan holda to‘rtinchi pog‘onada bormoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA muxbiri