Shu kunlarda Qozog‘iston Respublikasi Mang‘istau viloyati hokimligi hamda turistik korxonalari vakillarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi bo‘lib o‘tmoqda.

Tashrifning dastlabki kunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida qabul marosimi o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston va Qozog‘istonning turizm sohasidagi tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, turistik marshrutlarni ishlab chiqish, turistlar oqimini ko‘paytirish yuzasidan fikr almashildi.

Qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining 2023 yil 26 apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Qozog‘iston Respublikasi bilan turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish borasida qator ijobiy ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) qo‘llab-quvvatlashi tufayli 2022 yilning 23-25 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi turizm va madaniy meros vazirining birinchi o‘rinbosari Bayram Kusekeyev rahbarligidagi turistik korxonalar vakillarining Aqtau shahriga tashrifi tashkil etilgan edi. Tashrif davomida o‘tkazilgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Mang‘istau viloyati Turizm boshqarmasi vakillari ham ishtirok etib, Qoraqalpog‘iston Respublikasining turistik salohiyati taqdimoti o‘tkazildi va hududda sohadagi imkoniyatlar targ‘ib qilindi. Ushbu hamkorlikning davomi sifatida viloyat vakillari Orolbo‘yiga tashrif buyurdi.

Delegatsiya a’zolari Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida bo‘lib, noyob eksponatlar bilan tanishdi. Shu yerning o‘zida  Mang‘istau viloyati hokimligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Marosimdan so‘ng ikki tomonning turizm sohasidagi tadbirkorlari o‘rtasida B2B uchrashuvi o‘tkazildi.

Tashrif davomida Xo‘jayli tumanidagi “Mizdakxon” tarixiy majmuasi, Mo‘ynoq tumanidagi Hakim ota – Sulaymon Boqirg‘oniy ziyorat majmuasi, “Yerqosay ota” maqbarasi, Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati, Chimboy tumanidagi hunarmandlar ustaxonasi kabi bir qator diqqatga sazovor joylarga 3 kunlik infotur tashkil etiladi. Mehmonlar, shuningdek, Taxtako‘pir tumanining “Beltau” ovul fuqarolar yig‘inida o‘tkazilayotgan “Orol baliqlaridan 99 tur taomlar” gastronomik hamda “Abboz ovozi – Qarateran ohanglari” folklor festivallarida ishtirok etadi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari.