Xanchjouda katta hayajon bilan davom etayotgan XIX Osiyo o‘yinlarining to‘qqizinchi kuni ortda qoldi.

Kutilganidek, medallar jamg‘arish borasida Xitoy terma jamoasi peshqadamlikni qo‘ldan bermay kelmoqda.

Mezbonlar 143 ta oltin, 80 ta kumush, 40 ta bronza medaliga ega chiqqan holda 45 ta davlat orasida yakka yetakchiga aylangan. Undan keyingi o‘rinda borayotgan Yaponiya(33-39-45), Janubiy Koreya(31-39-63), Hindiston(13-22-23), Xitoy Taypeyi(12-1017), O‘zbekiston(11-14-18), Tailand(10-7-16), Shimoliy Koreya(7-10-5) davlatlari bormoqda.

Yozgi Osiyo o‘yinlari tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, to‘qqiz kunlik musobaqalar natijasida sportchilar “kichik olimpiada”ning 250 tadan ziyod oltin medallariga ega chiqishdi. Bugungacha Xanchjoudagi 48 ta sport majmuasi va stadionida 3 ming 500 taga yaqin bellashuvlar tashkil etildi. Umumiy hisobda o‘yinlarning 74 foiz musobaqalari tashkil etib bo‘lindi. Oltin medallarning 50 foizdan oshig‘i taqsimlandi. Ishtirokchi davlatlarning 35 taga yaqini u yoki bu darajadagi sovrinlarni qo‘lga kiritdi. 10 ga yaqin davlat vakillari hali bironta ham medalga ega chiqmadi.

– Bu galgi Osiyo o‘yinlari ishtirokchilar soni bo‘yicha eng yirigi bo‘lgani bois, tadbirlarni tashkil etish va boshqarish juda murakkab bo‘lmoqda. Musobaqalarni tashkil etishda 4 ming 550 nafardan ziyod texnik mulozim, 1 ming 540 nafarga yaqin bayroq ko‘tarish, sovg‘alarni ulashuvchi va boshqa xodimlar ishtirok etayotgani, shuningdek, alohida sport turlari bo‘yicha 200 nafar atrofidagi xalqaro sport mutasaddilari qatanashayotgani Xanchjou-2022 nufuzini, Osiyo qit’asi sport vakillari dunyoviy tadbirlarni o‘tkazishda yakdil ekanligini ko‘rsatdi, – dedi o‘tkazilgan matbuot anjumanida tashkiliy qo‘mita targ‘ibot departamenti direktori Syu Dezin.

Darhaqiqat, bir yil kechiktirib o‘tkazilayotgan qit’a olimpiadasida o‘tgan va o‘tayotgan 40 ta sport turining 61 ta yo‘nalishidagi musobaqalarning har jihatdan yuqori darajada o‘tishi uchun xalqaro sport tashkilotlari, qit’a sport federatsiyalari, Osiyo olimpiya kengashi tomonidan yuzlab hakamlar, sport turlari mutasaddilari, shifokorlar, ekspertlar guruhi bahslarni boshqarib borishda, texnik tomonlarini nazorat qilishda qatnashmoqda.

Osiyo olimpiya kengashi, “Xanchjou-2022” tashkiliy qo‘mitasi hamda xalqaro sport tashkilotlari qaroriga asosan 40 ta sport turining bir nechtasida o‘zbekistonlik 25 nafardan ziyod tajribali hakamlar, sport mutaxassislari faoliyat ko‘rsatayotgani jahon e’tiboridagi xalqaro sport anjumanida yurtimiz vakillarining o‘z o‘rni borligidan dalolat.

Ayni kunlarda Osiyo o‘yinlarining og‘ir atletika musobaqalarini o‘tkazish qo‘mitasi raisi sifatida O‘zbekiston Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari, mamlakatimiz og‘ir atletika federatsiyasi raisi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov faoliyat ko‘rsatayotgani, yakunlangan dzyudo musobaqalarida Ramziddin Saidov, taekvondoda Dimitriy Kim, qilichbozlikda Dilorom Turdiqulova, yengil atletikada Andrey Abduvaliyev, gimnastikada Ravshanbek Mirzayev, Stella Kashekina, Timur Abduvaliyev, baydarka va kanoeda Ismoil Egamberdiyev, tennisda Aleksandr Bagdasarov, Ruslan Tursunov, Dmitriy Duranidis, Yevgeniya Vedushina, ushuda Dilshod Bozorov, karateda Aziz Bo‘riyev, kurashda Ibrohim Karimov, Manzura Tursunova, Nukusboy Doniyorov, shaxmatda Hasan Turdialiyev, og‘ir atletikada Akrom Nizomiddinov, Zuhra Abdullayeva, sinxron suzishda Alina Piontovskaya, Elmira Fayzullayeva, suvga sakrashda Bobur Hasanov, sport kurashlarida G‘ayratillo Abdullayev va To‘ymurod Azizov hakamlik qilishi, badiiy gimnastika musobaqalarini o‘tkazish qo‘mitasiga O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi raisi o‘rinbosari Go‘zal Mo‘minova rahbar sifatida faoliyat ko‘rsatishi mamlakatimiz sport mutaxassislarining salohiyati yuqori ekanining yaqqol isboti, deyish mumkin.

Xabar berganimizdek, ortda qolgan to‘qqizinchi kungi musobaqalarda yurtimiz sportchilari 2 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari, shaxmat bahslarida qatnashayotgan hamyurtlarimiz jamoaviy bahslarning 4-tur o‘yinlarini yakunlashdi. Nodirbek Abdusattorov yetakchiligidagi yigitlarimiz Eron jamoasiga 1.5-2.5 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, qizlarimiz Janubiy Koreya vakillarini 4:0 ko‘rinishida dog‘da qoldirdi. 5-tur o‘yinida yigitlarimiz Xitoy, qizlarimiz Gonkong jamoasi bilan kuch sinashadi.

Chim ustida xokkey bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Osiyo o‘yinlaridagi ilk g‘alabasiga erishdi. “A” guruhidan o‘rin olgan hamyurtlarimiz 5-turda Singapur jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etdi.

Kamondan otish bo‘yicha saralash bosqichining ikkinchi kun bellashuvlarida hamyurtimiz Amirxon Sodiqov chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. U saralash bahslarida barcha raqiblaridan ustun ekanini isbotladi. Amirxon 3 oktyabr kuni o‘tadigan chorak final bahsida Janubiy Koreya vakili Vuseok Li bilan final yo‘llanmasi uchun bahslashadi.

Yengil atletikachimiz Sharifa Davronova uzunlikka sakrash bahslarini 15 nafar sportchi ichida 8-o‘rinda yakunlagan bo‘lsa, suvga sakrash dasturida vatanimiz sharafini himoya qilgan Vyacheslav Kachanov ham 15 nafar sportchi ichida 8-o‘rindan joy oldi. Og‘ir atletikachimiz Shahloxon Abdullayeva siltab ko‘tarish bahslarini 110 kilogramm, dast ko‘tarishda 88 kilo, umumiy hisobda 198 kilogramm natija qayd etdi.

3 oktyabr kuni o‘tadigan Osiyo o‘yinlarining o‘ninchi kungi musobaqalarida 26 dasturda bellashuvlar o‘tsa, shundan 10 tasida sovrinli o‘rinlar uchun kurashlar kechadi.

Velosportning shosse yo‘nalishida Olga Zabelinskaya ayollar o‘rtasida, Aleksey Fomovskiy erkalar o‘rtasida, kanoeda eshkak eshishda Shohsanam Sherzodova, baydarkada eshkak eshishda Madinaxon Ashrafxonova, kanoeda eshkak eshishning erkaklar o‘rtasidagi juftlik bahsida Shohmurod Holmurodov va Nurislom To‘xtasin o‘g‘li, baydarkada eshkak eshishning erkaklar o‘rtasidagi to‘rtlik bahsida Samandan Haydarov, Vilyam Ibragimov, Denis Onufriyev, Ozodjon Amriddinov, baydarkada eshkak eshishning ayollar to‘rtligida Shahrizoda Mavlonova, Arina Tanatmisheva, Yekaterina Shubina, Yuliya Borzova, kanoeda eshkak eshishning ayollar juftlik bahsida Shohsanam Sherzodova va Nilufar Zokirova, yengil atletika musobaqalarida Safina Sadullayeva va Svetlana Radzivil medallar uchun da’vogarlik qiladi.

Alpinizm bellashuvlarining saralashida Asal Islomova ayollar o‘rtasida, Mark Rogalev erkaklar o‘rtasida qatnashsa, suvga sakrash musobaqalarida Vyacheslav Kachanov va Igor Myalin, gimnastikaning trampolin dasturida Mirshohid Hasanboyev o‘z omadlarini sinab ko‘rishadi.

Bokschi qizlarimizdan Nigina O‘ktamova 54 kilogrammda Shimoliy Koriya vakili Cholmi, yigitlarimizdan Hasanboy Do‘smatov 51 kilogrammda pokistonlik Zohaib Rashid Bahodir Jalolov og‘ir vaznda xitoylik Danabaik Baykuzi bilan yarim final janglarini o‘tkazsa, 57 kilogrammdagi bokschimiz Abdumalik Xalokov  Fillipin terma jamoasi a’zosi Karlo Palaamga qarshi chorak final jangida ringga ko‘tariladi.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasining yarim finalda Shimoliy Koreya bilan ro‘baro‘ kelayotgan o‘yini ham Xanchjou-2022 ning markaziy bahslaridan biri bo‘lishi shubhasiz.

Eslatib o‘tamiz, XIX Osiyo o‘yinlari 8 oktyabrga qadar davom etadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA