Nukus shahridagi “Nao‘qan bag‘” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi farovonligini oshirish va hududni obodonlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mahallada 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida hokim yordamchisi tavsiyasi bilan 107 fuqaroga o‘zini o‘zi band qilishi, tadbirkorlik, hunarmandchilik kabi sohalar bilan shug‘ullanishi uchun 1 milliard 179 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Ushbu fuqarolar aholiga savdo va servis xizmatini ko‘rsatish, tikuvchilik, plastik deraza va eshik romlari tayyorlash, bir necha turdagi qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish, biogumus yetishtirish kabi yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini boshlab ham ulgurdi.
Shuningdek, hududda shahar hokimligi yordamida 27 ta ko‘chada elektr energiya ustunlarini yangilash, tungi yoritgichlarni o‘rnatish, 4,5 kilometr uzunlikda ichimlik suvi va tabiiy gaz quvurlarini almashtirish, xonadonlarni internet tarmog‘i bilan ta’minlash, ichki ko‘chalarga asfalt yotqizish, xiyobonlarga turli daraxt ko‘chatlarini ekish bo‘yicha e’tiborga molik ishlar bajarildi.
Hozirda mahalladagi 150 o‘rinli 13-maktabgacha ta’lim muassasasining yangi binosini qurish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj bir nechta oila turar joylarining tom qismida ta’mirlash ishlari bajarilmoqda.
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA