Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Italiya Respublikasiga tashrifi davomida ushbu mamlakatda yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan uchrashdi.

O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasida tashkil etilgan uchrashuvda dastlab, O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan islohotlar, Ombudsman instituti faoliyati, uning qonunchilik bazasi va vakolatlari haqida ma’lumot berildi.

Hamyurtlarimiz bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ular mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni kuzatib borishini va Italiyada ko‘plab o‘zbek talabalar ta’lim olayotganidan kelib chiqib, madaniy tadbirlarni ko‘proq tashkil etish taklifini bildirdi.

Shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Italiya senatori, Inson huquqlarini taminlash va himoya qilish qo‘mitasi a’zosi Chinza Pilligrino bilan uchrashdi. O‘zaro muloqot davomida senator Ombudsman institutining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha faoliyati bilan tanishtirildi.

Chinza Pilligrino Italiya va O‘zbekiston Ombudsmanlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish muhim ekanligiga to‘xtalar ekan, murojaatlar bilan ishlash borasida Italiyaning o‘ziga xos tajribasi borligi, parlamentga ham ko‘plab murojaatlar yuborilishi, ushbu yo‘nalishda ishlovchi senator sifatida ularni o‘rganib, sohalar kesimida tahlil qilinishini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekistonning har tomonlama rivojlanish tendensiyalarini kuzatib borayotgani va mamlakatimizga tashrif buyurish istagida ekanligini bildirdi.

Ombudsman axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA