Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Buyuk Britaniya parlamentining Parlamentlararo ittifoqidagi Britaniya guruhi delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda parlament quyi palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Dilorom Fayziyeva va bir guruh deputatlar ishtirok etib, mehmonlarga milliy parlamentimizning rivojlanish yo‘li, Qonunchilik palatasining yo‘nalishlari, vakolatlari hamda fraksiya, qo‘mita, komissiyalar, parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, muloqotda mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida ishlab chiqilayotgan qonunlar borasida aytib o‘tildi. Yaqinda qabul qilingan dasturilamal hujjat — kelgusi yetti yillik rivojlanish yo‘nalishlarimizni belgilab beruvchi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsad-vazifalarning mazmuni va ahamiyati xususida ma’lumotlar berildi.

Muloqotda tomonlar O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanayotganini qayd etdi. Kelgusida parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro aloqalarni mustahkamlash istiqbollari xususida fikr almashdilar. Qonun ijodkorligi sohasida ham hamkorlikni yanada kuchaytirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

M.Komilova, O‘zA