Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykalining ochilish marosimida ishtirok etdi, madaniyat va san’at sohasidagi yangi maskan va loyihalar bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari milliy estrada san’ati asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov haykali ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda san’at muxlislarini qizg‘in tabrikladi.
– Bugun yurtimizda katta shodiyona – san’at va madaniyat bayrami. Azim Toshkent shahrining qoq markazida xalqimizning ardoqli farzandi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov xotirasiga bag‘ishlab muazzam haykal ochilmoqda. Mana shu quvonchli voqea munosabati bilan siz, azizlarni, rahmatli Botir Zokirovning yaqinlari, shogird va muxlislarini, butun xalqimizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman, – dedi Prezident.
Botir Zokirov 1936 yilda san’atkorlar oilasida tug‘ilib, voyaga yetgan. 29 yoshida O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘lgan. 2000 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” va 2021 yilda “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan.
Davlatimiz rahbari xonandaning benazir iste’dod va insoniy fazilatlarini e’tirof etdi.
Botir Zokirov juda qisqa – 49 yil umr ko‘rgan. Lekin shu yillar davomida o‘zidan rang-barang va boy ijodiy meros qoldirgan. Uning sehrli ovozi yurtimizdagi har bir xonadonga kirib borib, xalqimiz qalbidan, san’atimizning oltin fondidan joy olgan. Dunyoning madaniyat poytaxtlarida o‘zbek san’atini zo‘r muvaffaqiyat bilan namoyish etgan.
Xonanda 1955 yilda, ayni kuchga to‘lgan paytida og‘ir dardga yo‘liqadi. Bir necha marta jarrohlik amaliyotlarini boshidan o‘tkazadi. Shifokorlar unga qo‘shiq aytishni taqiqlab qo‘yadi. Lekin shu ahvolda ham ijoddan, kuylashdan to‘xtamaydi.
Botir Zokirov umr bo‘yi yangilikka intilib yashardi. Sharq folklori va zamonaviy estrada san’atini uyg‘unlashtirib, “Myuzik xoll” ijodiy jamoasini tashkil etgan, xonanda va kompozitor sifatida ko‘plab iste’dodli yoshlarga ustozlik qilgan. Respublikamizda xizmat ko‘rsatgan “Yalla” ansamblining tashkil topishida Botir Zokirovning xizmatlari beqiyosdir.
Buyuk san’atkorning so‘nmas xotirasini e’zozlash, ijodiy merosini o‘rganish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda. Xususan, Prezident qarori qabul qilinib, 2021 yilda Botir Zokirovning 85 yillik tavallud ayyomi keng nishonlandi. Ulug‘ hofiz nomidagi milliy mukofot ta’sis etildi. U haqda ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli film va spektakllar yaratildi. Yaqinda Botir Zokirovning xotira kechasi mamlakatimiz jamoatchiligi hamda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan atoqli san’atkorlar ishtirokida katta shodiyona sifatida o‘tkazildi.
Botir Zokirov tahsil olgan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi joylashgan ko‘chaga u kishining tabarruk nomi berildi. Ushbu konservatoriya huzurida Botir Zokirov nomidagi milliy estrada san’ati instituti barpo etildi. Endi bu yerda haykal o‘rnatilishi majmuaga yanada ko‘rk bag‘ishladi.
– Bu haykal Botir Zokirov xotirasiga o‘rnatilgan ramziy bir timsoldir. Ayni paytda Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’atni ravnaq toptirish yo‘lida olib borayotgan barcha islohotlarimiz va ularning amaliy natijalari bu ulug‘ ijodkorga eng munosib yodgorlik bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Botir Zokirov ijodiy fenomeni milliy san’atimiz tarixida butun bir davrni tashkil etishi ta’kidlandi. Uning boy merosini chuqur o‘rganish va xalqqa yetkazish ishlarini davom ettirish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga alohida qaror tayyorlash topshirildi. Unda Toshkent shahrida san’atkorning memorial muzeyini barpo etish, estrada san’ati bo‘yicha Botir Zokirov nomidagi xalqaro ko‘rik-tanlov va talabalar uchun davlat stipendiyasi joriy etish, badiiy film yaratish, Botir Zokirov nomidagi jamg‘arma va Milliy estrada simfonik orkestri faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar ko‘zda tutiladi.
Marosimda Botir Zokirovning izdoshlari, san’at va madaniyat namoyandalari so‘zga chiqdi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi milliy estrada instituti faoliyati bilan tanishdi.
Bu ta’lim maskani davlatimiz rahbarining 2020 yil 2 dekabrdagi qarori asosida, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi doirasida tashkil etilgan edi. Madaniy va ilmiy merosdan foydalanib, milliy estrada san’atini rivojlantirish, mohir ijrochilar va pedagoglar tayyorlash, zamonaviy kuy-qo‘shiqlar yaratish institutning asosiy vazifalaridir.
O‘tgan yili institut uchun 500 o‘rinli yangi bino qurib, foydalanishga topshirildi. Bu yerda o‘qish va ijod uchun barcha sharoit yaratilgan. Auditoriyalar zarur musiqa anjomlari va texnikalar bilan jihozlangan.
Institutda estrada vokal san’ati, cholg‘u ijrochiligi, texnogen san’at, bastakorlik san’ati, san’atshunoslik, dirijyorlik kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanmoqda. Bugungi kunda 479 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularga professor-o‘qituvchilar, xalq artistlari dars beradi.
Prezidentimiz dars jarayonlarini kuzatdi, o‘qituvchi va talabalar bilan muloqot qildi.
– Avvalo, mana shunday dargoh bilan sizlarni, butun san’atsevar yoshlarimizni tabriklayman. Biz bu ishlarni nima uchun qilyapmiz? San’atimizning buyuk merosini, yoshlarimizning nimalarga qodirligini dunyoga tarannum etish uchun. Institutga milliy san’atimizda fenomen bo‘lgan Botir Zokirov nomini berganimiz ham bejiz emas. Bu yerda uning munosib izdoshlarini tarbiyalashni, iste’dodini yuzaga chiqarishni maqsad qilganmiz, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘quv yurti kutubxonasida sakkiz mingdan ortiq adabiyot va notalar jamlangan. Milliy estrada bo‘yicha ilmiy, amaliy va ijodiy izlanishlar olib borish uchun tadqiqot markazi ham tashkil etilgan.
Shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Kinochilar saroyini ham borib ko‘rdi.
Ushbu maskan 2021 yil mukammal ta’mirlanib, sharoitlari yangilandi. Katta-kichik zallar, yozgi kinoteatr va xonalar zamonaviy jihozlandi. Bugun bu yerda jami 3 ming nafar tomoshabinni qabul qilish imkoni mavjud.
Davlatimiz rahbari dastlab O‘zbekiston kino san’ati muzeyini ko‘zdan kechirdi. Muzey 1972 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ilgari muzey-arxiv sifatida faoliyat yuritgan. Unda ellik mingdan ortiq tarixiy buyum, libos, rasm va kinotasmalar bor.
Endilikda muzey Kinochilar saroyiga ko‘chirilib, ko‘rgazmaga qo‘yildi. Birinchi qavatdagi eksponatlar o‘zbek kinosining tarixi va asoschilari, so‘nggi yillardagi yutuqlariga bag‘ishlangan. Ikkinchi qavatda tarixiy filmlardagi liboslar, atoqli kinoijodkorlar hayoti va faoliyati aks ettirilgan. Ahamiyatlisi, kino ko‘rish istagida kelgan borki, shu tarix bilan tanishib o‘tadi.
Shavkat Mirziyoyev shu yerda rejissyor va aktyorlar, kinoshunoslar, soha mutasaddilari bilan suhbatlashdi.
– So‘nggi yillarda milliy kinomiz qayta “uyg‘ondi”, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Yuqori saviyali, zamonaviy sifatli filmlar paydo bo‘ldi. Buning uchun sizlarga minnatdorlik bildiraman. Shu bilan birga, kinematografiyani rivojlantirish uchun yana nimalar qilishimiz kerak, degan savol meni o‘ylantiradi. Agar tariximizni dunyoga tarannum etmoqchi bo‘lsak, xalqimizning milliy g‘ururini ko‘tarmoqchi bo‘lsak, buni birinchi navbatda kino yordamida amalga oshirishimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Muloqotda Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Tirik tarix” turkumidagi filmlar loyihasi taqdimot qilindi.
Bu 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan strategik dastur bo‘lib, eng qadimgi o‘tmishimizdan tortib, yaqin tariximizgacha bo‘lgan juda katta davrni qamrab oladi. Yaratilajak filmlarning mavzusi keng va rang-barang.
Jumladan, miloddan avvalgi VI asrda yashagan milliy qahramonimiz Shiroq haqida, milliy davlatchiligimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan Alp Er To‘nga, Sohibqiron Amir Temur va temuriylar haqida, shu paytgacha yetarli o‘rganilmagan shayboniylar haqida, qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz va boshqa mashhur adiblar haqida, buyuk allomalarimiz va milliy istiqlol kurashchilari haqida hikoya qilinishi ko‘zda tutilgan.
Loyihada chet ellik hamkorlar, xususan, Ispaniya, Germaniya, Vengriya, Rossiya, Belarus, Turkiya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston kabi davlatlarning kino san’ati ustalari ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.
– Albatta, bu dastur va g‘oyalarni amalga oshirish uchun ko‘p moddiy imkoniyat talab etilishini, yuzlab iste’dodli mutaxassislar zarurligini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz tom ma’nodagi ulkan, tarixiy bu loyihaning moliyaviy masalalarini hal qilamiz. Nega deganda, ushbu dastur shonli o‘tmishimizni chuqur anglab, shu asosda kelajakka ishonch bilan dadil qadam qo‘yishga, yoshlarni chinakam vatanparvar insonlar qilib tarbiyalab, Uchinchi Renessansni barpo etishga katta turtki bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Muloqotda kinoijodkorlar mazkur turkum filmlar va sohani rivojlantirish yuzasidan takliflarini bildirdi.
Ziyodulla JONIBEKOV, Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbirlari