Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda AQSH biznesi kengaytirilishi tarafdori, dedi Prezident Sadir Japarov Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va AQSH davlat rahbarlari ilk sammitida.
– Biz xorijiy sheriklar, jumladan Amerika biznesi ishtirokini mamlakatimiz hamda mintaqamizda kengaytirilishi tarafdorimiz, – dedi u. – “Yashil” iqtisodiyot, gidroenergetika, Axborot texnologiyalari, bandlik, ta’lim kabi muhim sohalarda keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyormiz. Infratuzilma, sanoat, qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya, transport-logistika tizimida qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Japarov ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlik, jumladan S5+1 formati doirasida ish olib borish mamlakat tashqi siyosatidagi muhim yo‘nalish hisoblanadi.
Aniqlik kiritilishicha, Qirg‘iziston kelgusida ham AQSH bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish niyatida.Sadir Japarov o‘z chiqishida Nyu-Yorkdagi uchrashuv Markaziy Osiyo davlatlari bilan AQSH o‘rtasidagi har tomonlama manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun muhim turtki bo‘lishini ta’kidladi, deyiladi Prezident matbuot xizmati tarqatgan xabarda.