Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

“Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Jo‘qorg‘i Kenges, shahar va tuman Kengashlari deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, jamiyat islohotlar tashabbuskori tamoyilini amalga oshirish maqsadida aholining davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi, mahalliy byudjet mablag‘larini aholi fikri asosida sarflash bo‘yicha “Tashabbusli byudjet” loyihasini amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi, normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishidan oldin jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish lozimligi belgilandi va amaliyotga tatbiq etildi.

Strategiyani amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyati, ayniqsa, mas’ul idoralar tomonidan yuklatilgan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan jamoatchilik monitoringi va jamoatchilik nazorati kabi tadbirlarni tashkil etish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, Strategiya ijrosini ta’minlashda barcha birdek mas’ul ekanligi va belgilangan maqsadlarga bu boradagi sa’y-harakatlarni birlashtirish orqaligina erishish mumkinligi ta’kidlandi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari.